Urgutda talabga javob beradigan sanitar-gigiyenik shoxobcha yo‘q
Saytimizda “Samarqand tumani mas’ullariga turizm o‘gay sohami?” sarlavhali maqola e’lon qilingandi. Unda tumanda sohani rivojlantirish borasida tuman mas’ullarining faoliyati qoniqarsiz ekanligi aniq misollarda bayon qilingan.
Qayd etish lozimki, Urgut tumanining turizm salohiyatidan samarali foydalanish va uni kompleks rivojlantirish “Yo‘l xaritasi”ning ijrosida ham xuddi shunday kamchiliklarni kuzatish mumkin.
Misol uchun, Omonqo‘ton g‘ori yo‘lida hudud infratuzilmasini yaxshilash, xususan, yo‘l bo‘yida ingliz, rus va o‘zbek tillaridagi 5 ta yo‘l ko‘rsatkichlarini iyun oyida o‘rnatish belgilangan. Biroq viloyat hokimligi tomonidan berilgan bu topshiriq bugungi kunga qadar bajarilmagan.
Shuningdek, sentyabr oyiga qadar g‘orga, uning yaqinidagi sharshara va ko‘llarga olib boruvchi piyodalar yo‘laklarini ta’mirlash va xavfsizlik talabiga javob beruvchi holatga keltirish ishlari amalga oshirilmagan.
Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining ayni shu masalaga oid qarori bo‘lishiga qaramasdan, tumanda mavjud 46 ta avtomobillarga yoqilg‘i va gaz quyish shoxobchalaridan 17 tasining hojatxonalari hamon talabga javob bermaydi.
Prezidentimizning 2019 yil 5 yanvardagi “Turizm tarmog‘ini jadal rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida tadbirkorlik sub’yektlariga namunaviy, jumladan, tarmoqli loyihalar asosida zamonaviy sanitar-gigiyenik shoxobchalarni qurish uchun 80-100 kvadrat metr o‘lchamda yer uchastkalarini elektron auksionga qo‘ymasdan olish uchun Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining iltimosnomasiga ko‘ra, ustuvorlik huquqi taqdim etilishi belgilangan.
Yuqoridagi qarorga asoslanib, Urgut tumanida yashovchi fuqaro Zayniddin Shamsiyev tuman markazida aholi gavjum bo‘ladigan joydan sanitar-gigiyenik shoxobcha barpo etish bo‘yicha tuman hokimligiga 2019 yilning dekabr oyidan buyon bir necha bor qilgan murojaati mas’ul tashkilot rahbarlarining e’tiborsizligi sababli o‘z yechimni topmay kelmoqda.
Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining tuman hokimligiga kiritilgan iltimosnomasi ham mas’ullarni harakat qilishga unday olmagan.
Vaholanki, bugungi kunda Urgut tumani markazida aholi va sayyohlarga xizmat ko‘rsatish uchun talabga javob beradigan sanitar-gigiyenik shoxobcha mavjud emas.
Tumanda turizm salohiyati mavjud hududlarni xatlovdan o‘tkazib, aniqlangan yer uchastkalarini turizm xizmatlari ko‘rsatishni tashkil etish bo‘yicha birorta yer maydoni ye-Ijro.auksion elektron savdosiga joylashtirilmagan.
Bundan tashqari, tumanda joylashgan “Bahora”, sobiq “Molodaya Gvardiya”, sobiq “Inturist”, “Yulduzcha” oromgohlari xususiy sektorga taqdim etilgan bo‘lsa-da, tashabbuskorlar tomonidan samarali foydalanish bo‘yicha hech qanday amaliy choralar ko‘rilmagan.