Urgutda yangi qonunlar senatorlar hamda deputatlar ishtirokida muhokama qilindi
Joriy yilning 24 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning parlamentga yo‘llagan Murojaatnomasida senatorlarni mahalliy Kengashlarga biriktirish va qonun loyihalarini ular bilan birgalikda muhokama etish orqali Kengashlar faoliyatini yanada jonlantirish zarurligini alohida ta’kidlab o‘tildi.
Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan “Madaniyat to‘g‘risida”gi hamda “Bola huquqlari kafolatlarining yanada kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihalari Samarqand viloyati Urgut tumani Kengashi deputatlari ishtirokida muhokama qilindi.
Unda senatorlar, xalq deputatlari tuman Kengashi doimiy komissiyalari raislari, tegishli soha xodimlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda qabul qilinayotgan qonunlarda hududlar manfaatlari ifoda etilayotganini chuqur tahlil qilish, uzoq tumanlarda yashovchi fuqarolarni ham qonunlar mazmun-mohiyati bilan o‘z vaqtida tanishtirib borish, aholini qiynab kelayotgan muammolarni o‘rganish har bir deputatning asosiy vazifasi ekanligi ta’kidlab o‘tildi.
Muhokama etilgan qonunlar yuzasidan deputatlar tomonidan taklif va mulohazalar bildirildi.