Urgutdagi yong‘inda besh kishi halok bo‘ldi
2019 yilning 22 fevral kuni soat 02 dan 01 daqiqa o‘tganda Samarqand viloyati Urgut tumani «Do‘stlik» mahallasi Yangiariq ko‘chasidagi 89-uyda yong‘in sodir bo‘layotganligi haqida Urgut tumani Yong‘in xavfsizligi bo‘limining dispetcherlik xizmatiga xabar kelib tushgan.
Voqea joyiga zudlikda 6 ta asosiy va 1 ta maxsus yong‘in o‘chirish ekipajlari jalb etilgan. Yong‘in o‘chirish bo‘linmalari yong‘in joyiga soat 02 dan 09 daqiqa o‘tganda yetib borgan vaqtida uy ochiq alanga bilan yonayotganligi ma’lum bo‘lgan. Ko‘rilgan tezkor harakatlar natijasida yong‘in soat 02 dan 22 daqiqa o‘tganda qurshab olinib, soat 03 dan 48 daqiqa o‘tganda bartaraf etilgan. Yong‘in oqibatida 89-uyning 150 kv.metr maydonda tomi, shifti va uy jihozlari hamda qo‘shni 102-uyning 15 kv.metr maydonda tom qismi yonib zararlangan.
Yong‘inni bartaraf etish jarayonida 89-uy egasi 1954 y.t. Z.U., rafiqasi 1956 y.t. M.R., qizi 1992 y.t. Z.U., nabiralari 2011 y.t. X.M. va 2013 y.t. N.M.lar yong‘in o‘chiruvchilar tomonidan qutqarilgan. Shulardan, 2013 y.t. N.M. kuyish tan jarohati bilan tuman markaziy shifoxonasiga olib ketilgan, ahvoli qoniqarli (10 foiz kuyish tan jarohati olgan).
Achinarlisi, yong‘inni o‘chirish vaqtida 89-uy egasining farzandlari 1980 y.t. X.U., 1986 y.t. O.U., kelini 1993 y.t. Sh.E., nabiralari 2013 y.t. Sh.Z. va 2018 y.t. Sh.Z.larning kuygan holdagi jasadlari topilgan.
Yong‘in holati yuzasidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda. Yong‘in sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi IIV YoXBB OAV bilan hamkorlik qilish bo‘linmasi.