Urgutga borar yo‘llar kengaymoqda
Vatanimiz mustaqilligining 29 yilligi arafasida Urgut tumanidagi tosh va tuproq yo‘llar ta’mirlanib, asfalt yotqizilmoqda. Shu paytgacha Do‘stlik, Chag‘izmon, Mergancha, Sariqtepa mahallalaridagi yo‘llar, “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi hududidagi ko‘chalar zamon talablari darajasida ta’minlanib, yangicha ko‘rinish oldi.
4R-47 “Bulung‘ur shahri – Urgut shahri – M-39” avtomobil yo‘lining M-39 avtomagistralidan Urgut tumani markazigacha bo‘lgan qismi tegishli dastur asosida 2018-2019 yillarda kapital ta’mirlangan edi. Ayni paytda ushbu yo‘lni yana olti metrga kengaytirish ishlari boshlandi. Bu yumushni “Bog‘ishamol yo‘llardar muntazam foydalanish” korxonasi yo‘lsozlari amalga oshirmoqda.
– Dastlabki bosqichda joriy yilning oktyabr oyiga qadar 8 kilometr yo‘lni kengaytirish rejalashtirilgan, – deydi korxona rahbari Alisher Hasanov. – Hozirda o‘ndan ortiq texnikamiz yordamida belgilangan loyiha asosida qurilish ishlarini olib boryapmiz. Yo‘lning kengaytiriladigan qismidagi tuproq asos olinib, tosh to‘shalmoqda.
Mazkur yo‘lning Urgut shahridan o‘tuvchi 2,3 kilometridagi ta’mirlash ishlari “Urgut tuman yo‘llardan foydalanish” davlat unitar korxonasi tomonidan bajarilmoqda. Korxona rahbari Eshmamat Abloyorovning ta’kidlashicha, bu yerda yo‘lga yangidan asfalt yotqizish bilan birga irrigatsiya tizimini yangilash, piyodlar yo‘laklari va ko‘cha atrofini obodonlashtirish ishlari amalga oshiriladi.