Urgutlik fuqaroning gaz ballonlariga yopishtirilgan shtrix-kodli stikerlarni yulib tashlagani aniqlandi

“Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali xodimlari tomonidan Urgut tumanida aholiga suyultirilgan gaz mahsulotlarini yetkazib berish jarayonlari bo‘yicha fuqarolar bilan o‘tkazilgan muloqotlarda tumanning G‘isht masjid mahallasida yashovchi fuqaro Sobir Pardayev xonadonida suyultirilgan gaz to‘ldirilgan ballonlar doimiy ravishda 65 ming so‘mdan sotilayotganligi to‘g‘risida murojaat kelib tushdi.

Mazkur murojaat yuzasidan filial xodimlari S.Pardayevning xonadonida bo‘lganida, 25 dona suyultirilgan gaz to‘ldirilgan va 3 dona bo‘sh maishiy gaz ballonlari borligi aniqlandi. Mazkur gaz ballonlariga onlayn tizimga ulash uchun o‘rnatilgan maxsus shtrix-kodli stikerlar qasddan yulib tashlanganligi ma’lum bo‘ldi.

O‘rganishlar davomida S.Pardayev “Urguttumangaz” gaz ta’minoti bo‘limida haydovchi-ekspeditor (“ISUZU” rusumli, davlat raqami 30 0 35 XAA bo‘lgan avtotrasport haydovchisi) bo‘lib ishlab kelgan Vohid Pardayevning ukasi ekanligi aniqlandi. Mazkur holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar o‘rganish uchun huquqni muhofaza qilish idoralariga topshiriladigan bo‘ldi.

“Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati.