Urgutliklarni chuv tushirgan soxta “Mahalla" xayriya jamoat fondi xodimi ushlandi

Xoldor Shavqiyev (ism-familiya o‘zgartirilgan) 2019 yil yanvar oyining boshida o‘zini Samarqand viloyati "Mahalla" xayriya jamoat fondi xodimi deya tanishtirib, Urgut tumani Jarqishloq mahallasida yashovchi fuqarolardan davlat tomonidan belgilangan dasturga binoan nogironligi bo‘lgan va kam ta’minlangan oilalarga uy-ro‘zg‘or, maishiy texnika jihozlari: televizor, muzlatkich, kir yuvish mashinasi, gaz balloni kabilarni arzon baholarda yetkazib berish bilan ishontirib, jami 3 million 950 ming so‘m pulni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritib, o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuboradi. Bu bilan qanoatlanmagan Xoldor tumanning Mirzoqishloq mahallasida yashovchi fuqarolardan 5 million 850 ming so‘m pulni ham xuddi shu yo‘l bilan oladi. Beli og‘rimay topilgan pul endi uni yanada “katta ish”larga undaydi.

U 2019 yilning mart, aprel oylarida Urgut tumani Sovg‘on mahallasida yashovchi bir guruh fuqarolarga o‘zini “Urgut tuman nogironlik jamiyati” va  “Qizil yarim oy jamiyati” xodimi ekanini aytib, jami 23 million 350 ming so‘m pulni qo‘lga kiritadi. Bu orada o‘ramasliklar ham uning tuzog‘iga ilindi. Ushbu mahallada yashovchi fuqarolardan jami 1 million 750 ming so‘m pullarni olib, o‘zining ehtiyojlari uchun ishlatib yubordi.

Unga aldanayotgan fuqarolarni soddalikda, ishonuvchanlikda, undan biror hujjat talab qilmaganlikda ayblash mumkindir. Ammo Urgut tumani Soyg‘o‘s mahallasi fuqarolar yig‘ini raisi ham uning aldovlariga laqqa ishonganiga nima deysiz?  O‘zini “Mahalla jamoa xayriya fondi” xodimiman, deb tanishtirgan X.Shavqiyev unga ham nogironlar va kam ta’minlangan oilalarga arzon narxda gaz balloni yetkazib berishini aytib, fuqarolardan yig‘ilgan jami 13 million 400 ming so‘m pulni shaxsiy maqsadlarida ishlatib yubordi. 

O‘zi kutganidan-da ko‘p mablag‘ni qo‘lga kiritayotgan Xoldorning nafsi hakalak otaverdi. U firibgarlik yo‘li bilan shu yo‘sinda tumandagi taxminan o‘ttiz uchta mahallada yashovchi besh yuzga yaqin fuqarolarning pullarini o‘zlashtirdi. 

Ammo va’da qilingan maishiy jihozlardan darak bo‘lavermagach, aldanganini bilgan fuqarolar firibgarning ustidan arz qildi.

  Albatta, o‘zganing mol-mulkini noqonuniy o‘zlashtirishni maqsad qilgan har qanday kishi ertami-kechmi qonun oldida javob beradi. Ammo notanish bo‘lgan odamga peshona teri bilan topgan pulini qo‘sh-qo‘llab topshirayotgan kishilar ham biroz xushyor bo‘lishlari kerak emasmi, deb o‘ylab qolasan kishi.

   Mana shunday voqealarning jamiyatimizda tez-tez takrorlanib turgani odamlarda huquqiy savodxonlikning yetarli darajada emasligidan darak berib turibdi. Aks holda X.Shavqiyev katta miqdordagi pulni bu darajada oson va tez qo‘lga kiritmagan bo‘lardi. 

  Sudda X.Shavqiyev barcha qilmishlariga iqror bo‘ldi. Unga Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jazo tayinlandi. 

A.AHMADOV,

jinoyat ishlari bo‘yicha

Urgut tumani sudi sudyasi.