“Ustoz”da o‘qituvchilar uchun o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etildi

Oqdaryo tumanidagi “Ustoz” sihatgohida Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Samarqand hududiy bo‘limi, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi, xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi hamda "SILK ROAD international Academy in Samarkand" MChJ hamkorligida o‘qituvchilarning dam olishi va salomatligini tiklash, ularning malakasini oshirish yuzasidan yozgi o‘quv kurslari tashkil etildi.

"Hayot davomida o‘qish" tamoyili asosida uyushtirilgan ushbu maxsus kurslarda ixtisoslashtirilgan maktablarning matematika fani o‘qituvchilari qatnashdi.

O‘qituvchilarga Samarqand davlat universiteti, malaka oshirish hududiy markazi professor-o‘qituvchilari tomonidan seminarlar, mahorat darslari tashkil etildi.

Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi ta’lim sifatini baholash bo‘yicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi bo‘lim boshlig‘i Nizomiddin Karimov tomonidan o‘quv kursi tinglovchilari uchun seminar hamda master-klasslar tashkil qilindi.

Mashg‘ulotlar yakunida o‘qituvchilar olgan bilimlarini sinovdan o‘tkazdi. Ularga Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan adabiyotlar hamda qo‘llanmalar tarqatildi.

Nizomiddin ODILOV,

Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Samarqand hududiy bo‘limi bosh mutaxassisi.