Uy-joy uchun subsidiya olish to‘g‘risidagi ariza viloyat hokimligi emas, vakolatli organlar tomonidan ko‘rib chiqiladi

Uy-joyga muhtojligim uchun subsidiyaga beruvdim, sharoitimni tushungan holda viloyat hokimligi yordam beradimi?

Aziza Rahmatova tomonidan ijtimoiy tarmoq orqali viloyat hokimiga yo‘llangan ushbu murojaatga hokimlik mutaxassislari tomonidan quyidagicha javob berilgan:

Uy-joy sotib olmoqchi bo‘lgan fuqarolarga subsidiya ajratish, bu haqdagi arizani ko‘rib chiqish viloyat hokimligi vakolatiga kirmaydi.

Mazkur tamoyil Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 25 martdagi “Uy-joy sotib olish uchun fuqarolarga subsidiya to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorida ham belgilab qo‘yilgan.

Qarorda qayd etilganidek, subsidiya - bu ipoteka kreditlari asosida uy-joy sotib olish uchun boshlang‘ich badal va (yoki) kredit foizining bir qismini qoplash maqsadida davlat byudjetidan fuqaro uchun bankdan uning nomiga ochilgan tegishli hisobvarag‘iga o‘tkazilgan mablag‘.

Bunday mablag‘ni olish istagida bo‘lgan fuqarolar yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan Nizom talablari bilan yaqindan tanishgan holda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron ariza taqdim etishlari mumkin.

Shuningdek, Nizomga asosan arizalar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida tashkilotlarning ma’lumotlariga asosan arizachining ijtimoiy mezonlarga muvofiqligi avtomatik tarzda ballar ko‘rinishida baholanadi.

Ariza beruvchi 30 va undan yuqori ball to‘plagan taqdirda subsidiya olishga haqli hisoblanadi.

Shu o‘rinda eslatib o‘tish lozim, oxirgi eng yuqori ball to‘plagan ikki yoki undan ortiq ariza beruvchining ballari teng bo‘lib qolgan taqdirda, kalendar tartibga ko‘ra, hujjatlarni birinchi bo‘lib topshirgan ariza beruvchi talabgor sifatida tan olinadi.

Subsidiya bir oilaga 1 marta beriladi.

Subsidiya olishga haqli hisoblangan arizachi joriy yil subsidiya soni tugagan taqdirda, keyingi yil uchun subsidiya oluvchilar ro‘yxatiga avtomatik tarzda kiritiladi.

Ma’lumot o‘rnida qayd etish zarur: Davlatimiz rahbarining 2019 yil 28 noyabrdagi “Ipoteka krediti mexanizmlarini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga asosan viloyatda yangi tartib asosida 1 700 ta uy-joylar qurilishi rejalashtirilgan. Shundan 1 528 ta, shaharlarda 628 ta va qishloq joylarda 900 ta ko‘p qavatli uylar uchun fuqarolarga subsidiyalar ajratilgan.