Uy uchun subsidiya ajratilmayotgan fuqaroning muammosi hal bo‘ldi
Ombudsmanning viloyatdagi vakili ishtirokida navbatdagi ta’sirchan voqelik haqida eshitdingizmi?
Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro avval Toshkentda yashagan. Ammo keyingi 12 oy davomida Samarqand shahrida ro‘yxatda turgan va doimiy daromadiga ega bo‘lgan. Qisqasi, qariyb barcha ko‘rsatkichlari subsidiya olish uchun mos bo‘lgan. Lekin yozgan arizasiga 2022 yilda ham rad javobi olgan kishi, 2023 yilda ham shunday bo‘lishiga rozi bo‘lmagan.
Afsuslanarli jihati shuki, o‘tgan yilgi arizasi bilan ham avvalgi holat deyarli takrorlangan. Dodini aytmagan idorasi qolmagan fuqaroning murojaatini o‘rgangan Inson huquqlari bo‘yicha vakil (Ombudsman)ning viloyatdagi vakili ajabtovur holatga guvoh bo‘lgan.
- Rosti, arizachi bilan gaplashganimda, mayli bu safar ham bo‘lgan ish bo‘ldi, hech bo‘lmasa 2024 yilda subsidiya olishni iloji bormi, deganida hayron bo‘ldim, - deydi Ombudsmanning viloyatdagi vakili Diyor Husanov. – O‘rganib ko‘rsak, fuqaroning arizasi uning avvalgi yashash joyi – Toshkent viloyatiga yuborilgan ekan. Tabiiyki, shu va boshqa sabablarga ko‘ra, ariza rad qilingan.
Respublikaning qaysi hududida doimiy ro‘yxatda bo‘lganligi odamlarimizga subsidiya asosida uy olishga to‘sqinlik qilmasligi kerak. Boshqa mezonlarga to‘g‘ri kelmasligi butkul boshqa masala.
Xullas, ariza o‘rganish davomida tizimdagi muammolar sabab fuqaroning arizasi qanoatlantirilmagani aniq bo‘ldi.
Shu o‘rinda bir gapni aytib o‘tish o‘rinli. Chunki aksariyat, balki ayrim hollarda murojaat bu darajada chuqur o‘rganilmaydi. Ombudsmanning viloyatdagi vakili esa bunga “zid” ish qilgan. Qolaversa, respublika vakilligi nomidan Iqtisodiyot va moliya vazirligiga fuqaroning arizasi bo‘yicha olib borilgan o‘rganish natijasi asos qilinib, xat chiqariladi.
Vazirlikning javobi bizga qorong‘u. Ammo muhimi, fuqaro 2023 yil hisobidan subsidiya asosida uy-joy olishga erishdi.