Uyqu foydali, ammo uning me’yori, vaqtini bilamizmi?

Inson o‘rtacha yetmish yil yashasa, uning 25 yili uyqu bilan o‘tadi. Bu kichkina davr emas. Xo‘sh, bu davrni qanday tashkil etgan ma’qul?

Yevropa olimlari o‘tkazgan o‘rganishlari yonbosh uxlagan miya yaxshiroq hordiq olar ekan. Bu biz uchun yangilik emas, albatta.

Bolaligimizdan bobo-buvilarimiz o‘ng yonboshda yotish, to‘q qoringa uxlamaslik, qiblaga qarab yotishni uqtirishadi.

Leonardo da Vinchi o‘zi uchun ajabtovur uyqu tartibini joriy qilgan ekan. U toliqqanda o‘n besh daqiqa uxlagan va uyg‘onib to‘rt soat ishlagan. Yana 15 daqiqa uxlab, 4 soat ishlagan. Umumiy hisobda da Vinchi bir kecha-kunduzda 80 daqiqadan sal ko‘proq uxlagan.

Keksa yoshdagi insonlarga kam ham emas, ko‘p ham emas, bir kecha-kunduzda aynan 8 soat uxlash tavsiya etiladi. Bu me’yorning ko‘payib ketishi kabi kamayishi ham ularning salomatliklariga jiddiy xavf solishi mumkin, deyishadi mutaxassislar.

Yangi tug‘ilgan chaqaloq o‘rta hisobda 18-22 soat uxlasa, 3 oylikkacha bo‘lgan chaqaloqlar 18-20 soat uxlaydi. 6 oylikdan bir yoshgacha bo‘lgan bolalar esa tunda o‘rtacha 11 soat, kunduzi 1,5 soatdan ikki marta, jami 14 soat uxlab turishadi.

Shifokorlar tomonidan 6-13 yoshdagi bolalar uchun bir kecha-kunduzda 9-11 soat, 14-17 yoshdagi o‘smirlar uchun 8-10 soat uxlash zarurligini ta’kidlanadi.

1919 yilda uyqu bilan bog‘liq g‘ayrioddiy hodisa kuzatilgan. Shu yili uyquga ketgan norvegiyalik ayol roppa-rosa 22 yil uxlagan. U shu muddat ichida ovqatlanmagan va uyg‘onganda 22 yil avvalgi kabi yosh ko‘ringan. Bir yil muddatdan so‘ng esa birdan yigirma yilga qarigan.

Ukrainalik Nadejda Lebina esa turmush o‘rtog‘i bilan bo‘lgan dahanaki jangdan so‘ng uxlab, 20 yil uyg‘onmagan.

D.Xoliqova tayyorladi.