Uzoq umr ko‘rish. Uning siri nimada?

Hamma uzoq umr ko‘rishni istaydi. Har joyda, har bir mamlakatda uzoq umr ko‘ruvchilar bor. Xo‘sh, buning siri nimada?

Avstraliya. O‘rtacha umr – 90 yil. Bu yerda asosiy prinsiplardan biri – hech qachon siyosat haqida gapirilmaydi, faqat ishla, dam ol, o‘yna-kul. Albatta, toza havo, tabiat qo‘ynida ko‘proq bo‘lish. Avstraliyaliklar pivoni yaxshi ko‘radi. Taomlar esa faqat yangilaridan tayyorlanadi, muzlatilgan, qayta ishlangan oziq-ovqatlarni og‘izga olishmaydi. Muammolardan kuyinish, asabiylashish, afsuslanish yo‘q. G‘am-tashvishlar xotirjamlik bilan qabul qilinadi.

Yaponiya. Yaponlar an’anaviy ovqatlanish rejimiga qat’iy amal qiladi: baliq, guruch, soya va sabzavot. Soya yurak xastaliklarining oldini oladi, suyaklarni mustahkamlaydi. Ayrim rak turlari, jumladan, o‘pka rakining xavfini kamaytiradi. Ko‘k choy insultni oldini olib, insulin faolligini kuchaytiradi.

Doimiy ravishda jismoniy mehnat bilan shug‘ullanadi, ochiq havoda ko‘proq piyoda yuradi, hech qachon shosha-pisha yoki yo‘l-yo‘lakay ovqatlanmaydi, bemalol o‘tirib, xotirjam ovqatni chaynab yeydi.

Tibet. Tibetliklarning tavsiyasiga ko‘ra, 100 yil umr ko‘rish uchun bir nechta qoidaga amal qilish kerak. Muammoni asabiylashmasdan, xotirjam hal qilishga harakat qiling. Iloji bo‘lmasa hayajonlanishning nimaga keragi bor?

Tez-tez o‘zingizni bo‘sh tuting. Burundan nafas olib, og‘izdan chiqaring, nafasni ko‘proq ushlab turing.

Boshingizni massaj qilishni o‘rganing. Doimo yangi tanishlar orttirishga harakat qiling. Ovqat ratsionidan qovurilgan taomlarni chiqarib tashlang. Ko‘proq go‘sht, dukkakli - no‘xat, loviya, moshli taomlar yeng. Har qanday turdagi tomatlarni yeyishni kanda qilmang.

Finlandiya. 1970 yillarda Finlandiya yurak kasalligidan vafot etganlar bo‘yicha jahonda birinchi o‘rinda turardi. To‘g‘ri ovqatlanish, toza havoda mashq qilish orqali bu muammo hal etilgan. 70 foiz finlar sport bilan shug‘ullanadi. 50 foiz xotin-qizlar ishga piyoda yoki velosipedda borib keladi.

Boshqa mamlakatlarda ham uzoq umr ko‘rishning o‘ziga xos sirlari bor. Hammasiga xos bitta sir – to‘g‘ri ovqatlanish, doimo jismoniy harakatda bo‘lish, yaxshi kayfiyat, hayotga muhabbat, deb yozadi «Mir novostey» haftanomasi.

T.Shomurodov tayyorladi.