Uzoqda yashaydigan abituriyentlarni stadionlarga eltib qo‘yish uchun avtobuslar ajratilishi mumkin

2020-2021 o‘quv yili va imtihonlar tashkil etilishi bilan bog‘liq mavzularda AOKA shtabiga aholidan kelib tushayotgan savollarga Davlat test markazi axborot xizmati rahbari Orziqul Boboyev javob berdi:

Savol: Kirish imtihonlari barvaqt bo‘lsa, kamiga biz viloyat markaziga uzoqdan boramiz. Abituriyentlarni olib borib-olib kelish uchun avtobuslar yo‘lga qo‘yilsa bo‘lmaydimi? Taksilar ham qimmatlaydi o‘sha kuni...

Javob: Tegishli vazirlik va tashkilotlar tomonidan test sinovi o‘tkaziladigan ob’yektlardan uzoqda joylashgan tumanlardan abituriyentlarni olib kelish va joyiga yetkazish bo‘yicha jamoatchilik transporti qatnovlarini yo‘lga qo‘yish ustida ish olib borilmoqda.

Savol: Karantin hududida saqlanayotgan abituriyentlar qanday imtihon topshiradi?

Javob: Test sinovlari faqat belgilangan ochiq maydonlarda o‘tkaziladi. Agar abituriyent karantinda bo‘lsa, test sinovlarida ishtirok eta olmaydi.

Savol: Bu yil 2020-2021 oliy o‘quv yurtiga kirishda kasb-hunar kollej va litsey kitoblaridan testlar bo‘ladimi? Bu yil kollej darsliklaridan savol tushmaydi degan gaplar yuribdi?

Javob: Test topshiriqlari Davlat test markazining rasmiy veb-saytida e’lon qilingan tavsiya etilgan darsliklar ro‘yxatida mavjud kitoblardan tuziladi. Bunda har bir fan bo‘yicha darsliklar turlicha. Test topshiriqlari qaysi darsliklardan tuzilishini rasmiy saytimizdan ko‘rishingiz mumkin.