Vaqti keldi: Senat to‘ylar haqida hujjat qabul qilishi kerak
Maqsuda Vorisova, Oliy Majlis Senati a’zosi, O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari:
- Odam yaralibdiki, orzu-havas bilan yashaydi. O‘zida yo‘q narsalarga ega bo‘lishni, atrofdagilarda havas uyg‘otishni istaydi. Orzu-xayollaridan cho‘pchak to‘qiydi va cho‘pchakka avvalo o‘zi ishonadi. Aksariyat ertaklarimiz “qirq kechayu qirq kunduz to‘y berib, murod-maqsadlariga yetibdi”, degan jumla bilan yakunlanadi. Hayotimiz farovonlashib borgani sayin orzularning ko‘lami ham kengayib, o‘zimiz orzuning quliga aylanib qolayapmiz...
XX asr boshlarida yashagan ma’rifatparvar Abdulla Avloniy: “Bizni ilmsizlik, tarbiyasizlik, to‘y deb minglarcha aqchalarni behuda isrof etmaklik og‘ir ahvolga soldi. Ag‘niyo va sarvatdorlarimiz to‘y poygasi qilib, faqir va kambag‘allarimiz bor-yo‘qlarig‘a qaramasdan uylarini, bog‘larini, to‘nlarini sotib to‘yga sarf qilmakdadurlar. To‘y degan yerda muqaddas Vatanini sotishdan toymaydigan, istiqbolini o‘ylamagan va bolalarining saodatini tushunmagan bir qavmdan qanday taraqqiy, madaniyat va ma’rifat kutmak kerak?”, deya nadomat bilan yozgan, bu illatlardan qutulmoq yo‘llarini izlagan edi...