Vazirlik karantin qoidalariga qat’iy rioya qilishga chaqirdi

SSV axborot xizmatining ma’lum qilishicha, joriy yilning 15 avgustidan boshlab O‘zbekistonda karantin choralari yumshatildi. Avtotransport vositalarining harakati va bozorlar faoliyatiga bosqichma-bosqich ruxsat berildi. 5 sentyabrdan esa qator faoliyat turlariga cheklovlar bekor qilindi. Ular orasida umumiy ovqatlanish ob’yektlari (restoran, kafe, oshxona, choyxona), tomosha va madaniy-ko‘ngilochar ob’yektlar (faqatgina teatr va kinoteatr) hamda parklar va istirohat bog‘laridagi attraksionlar ham mavjud.

Ammo bu yurtimizda koronavirus infeksiyasi chekingani va odamlar ehtiyot choralarini unutib, xohlagan joyida harakat qilishlari mumkinligini anglatmaydi. Mamlakatimizda hali ham “COVID-19” tarqalishining oldini olish va kasallikka chalinganlarni aniqlash hamda davolash choralari faol olib borilmoqda.

Oxirgi bir hafta davomida koronavirus infeksiyasiga chalinganlarning qayd etilish ko‘rsatkichi sezilarli darajada pasaygan bo‘lsa-da, bu xotirjamlikka berilish, virusga nisbatan hushyorlikni unutish mumkin, degani emas.

— Masalaga tez tibbiy yordam xizmatiga qilinayotgan murojaatlar tahlili misolida qaraydigan bo‘lsak, sentyabrning dastlabki haftasida chaqiruvlar soni birmuncha oshganligiga guvoh bo‘lamiz, — deydi Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasi bosh shifokori Umidullo Risqiyev. — Jumladan, poytaxtimizda joriy yil avgustning oxirgi 7 kunida chaqiriqlarning umumiy soni 18 316 ta bo‘lgan bo‘lsa, sentyabr oyining birinchi 7 kunligida esa 19 707 tani tashkil etdi. Bu ko‘rsatkichlar oxirgi haftada chaqiriqlarning umumiy soni 1 391 taga ortganini ko‘rsatadi. Aytish lozimki, 1–7 sentyabr kunlari kelib tushgan chaqiruvlardan 6 145 tasi (umumiy chaqiriqlarning 31,2 foizi) tana haroratining oshishi, 3 091 tasi (umumiy chaqiriqlarning 15,7 foizi) o‘tkir respirator kasalliklari bilan bog‘liq bo‘lgan bo‘lsa, 814 tasi (umumiy chaqiriqlarning 4,1 foizi) esa pnevmoniya belgilari mavjud bemorlar tomonidan amalga oshirilgan.

Shulardan kelib chiqib, Sog‘liqni saqlash vazirligi yana bir bor aholini hushyorlikka va har bir fuqaroni o‘zini himoya qilish qoidalariga qat’iy amal qilishga chaqiradi.