Viloyat 4-sektor rahbari sayyor qabullarida 522 nafar fuqaro tomonidan 873 ta muammoli masala bildirildi
Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholini qiynab kelayotgan muammolarni bartaraf etishda sektorlar muhim o‘rin tutmoqda. Davlatimiz rahbarining joriy yil 8 yanvardagi “Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida hududiy davlat soliq inspeksiyalari hududi hamda Toyloq, Jomboy, Bulung‘ur va Oqdaryo tumanlari viloyat 4-sektor rahbariga biriktirilganini ta’kidlash lozim.
Hududiy davlat soliq inspeksiyalari hududidagi 259 ta mahallada 147 ming 490 ta xonadon mavjud bo‘lib, ularda 841 ming 673 nafar aholi yashaydi. Viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘iga biriktirilgan hududdagi 177 ta mahallada 112 ming 556 ta xonadon mavjud bo‘lib, ularda 627 ming 993 nafar aholi istiqomat qilmoqda.
— Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i, 4-sektor rahbari tashabbusi bilan kam ta’minlangan va imkoniyati cheklangan 24 nafar oilaning yashab turgan uy-joylari ta’mirlanib, ularga zarur qurilish mollari yetkazib berildi, — deydi viloyat 4-sektor kotibi Sherzod Allayorov. — Jumladan, Payariq tumani Olmazor mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Dilshoda To‘rayevaning yashab turgan uy-joyi to‘liq ta’mirlandi. Tuman-shahar 4-sektor rahbarlari bilan hamkorlikda aholi xonadonlarida uyma-uy yurib o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida reabilitatsiya-texnik vositalariga muhtoj imkoniyati cheklangan pensioner va nogironlarning 26 nafariga hassa, 35 nafariga qo‘ltiqtayoq, 13 nafariga eshitish moslamasi va 24 nafariga nogironlar aravachasi tarqatildi.
Aholini qiynab kelayotgan muammolarga yechim topishda xalq bilan muloqot, yurtdoshlarimizning dardini tinglash, ular bilan yuzma-yuz uchrashish muhim ahamiyatga ega. Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘ining tumanlardagi shaxsiy sayyor qabullari belgilangan jadval asosida o‘tkazilmoqda. Sayyor qabullarda 522 nafar fuqarodan 873 ta muammoli masalalar kelib tushdi. 194 ta masala joyida qanoatlantirilib, 580 ta murojaatga asosli tushuntirishlar berildi. Shuningdek, 87 ta murojaat tegishliligi bo‘yicha boshqa idora va tashkilotlarga yuborilib, ijrosi nazoratga olindi.
Viloyat 4-sektor rahbari tashabbusi bilan kam ta’minlangan va imkoniyati cheklangan 28 ta oilaga tibbiyot anjomlari — nogironlik aravachasi, qo‘ltiqtayyoq, hassa va dori-darmonlar yetkazib berildi. Xususan, Nurobod tumanida yashayotgan nogironligi bor 12 nafar fuqaroga 10 million so‘mlik tibbiyot buyumlari taqdim etildi. Urgut tumanining Yuqori kalangar va Bog‘ishamol mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi, kam ta’minlangan oilalar ro‘yxatida turuvchi imkoniyati cheklangan fuqarolarga 2 ta nogironlik aravachasi va kerakli tibbiyot anjomlari berildi.
Payariq tumani Do‘stlik mahalla fuqarolar yig‘ini Garay qishlog‘ida o‘tkazilgan sayyor qabulda aholidan ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash yuzasidan murojaat kelib tushgan edi. Ushbu masala ham ijobiy hal qilinib, 3 kilometr masofadan quvur tortib kelish uchun homiylar yordamida 15 million so‘m taqdim etildi.
Qisqacha aytganda, amalga oshirilayotgan ishlar zamirida xalqning og‘irini yengil qilish, bunyodkorlik va yaratuvchilikka yo‘g‘rilgan ishlarni hayotga tatbiq etish, yurtdoshlarimizning bugunidan rozi bo‘lib, ertasiga yuksak ishonch bilan yashashini ta’minlash, pirovardida yurtimizni barqaror taraqqiy ettirishdek ezgu niyatlar yotibdi.
Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati.