Samarqand viloyatida 2-sektor rahbarlari tomonidan 1000 dan ziyod sayyor qabullar tashkil etilgan

Aholi bilan bevosita va ochiq muloqotni ta’minlash, mavjud muammolarni aniqlash hamda ularni joyida bartaraf etish yuzasidan tezkor choralar ko‘rish maqsadida 2019 yil davomida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi rahbariyati tomonidan Samarqandda viloyatida 10 marta sayyor qabul tashkil etilgan.

O‘tkazilgan sayyor qabullar jarayonida 1800 ga yaqin fuqarolar bilan suhbat o‘tkazilib, ularning 756 nafariga huquqiy maslahat va tushuntirishlar berilgan hamda 1044 ta murojaatlar qabul qilingan.

Kelib tushgan murojaatlarning 313 tasi qanoatlantirilgan, 620 tasi bo‘yicha tushuntirishlar berilgan, 4 tasi rad etilib, 107 ta murojaat Bosh prokuratura tomonidan ko‘rib chiqilishi uchun olib ketilgan. 

Sayyor qabullar jarayonida 136 nafar fuqaro ishga joylashtirilib, 31 nafar fuqaroga nogironlik aravachalari, 23 nafariga qo‘ltiq tayoq, 16 nafariga eshitish moslamalari, 9 nafariga davolanishlari uchun imtiyozli orderlar va yana 17 nafar fuqarolarga boshqa amaliy yordamlar ko‘rsatilgan.

Kattaqo‘rg‘on shahrida yashovchi fuqaro J.Artiqov 2019 yil 19 dekabr kuni Bosh prokuror N.Yo‘ldoshevning sayyor qabulida “Yoshlar kelajagimiz” davlat dasturi doirasida 1,380 milliard so‘m kredit ajratilishida amaliy yordam berishni so‘ragan. Ushbu murojaat Kattaqo‘rg‘on shahar prokuraturasi aralashuvi bilan qanoatlantirilib, kredit ajratilishi ta’minlangan.

Bosh prokurorning qabulida shuningdek, Urgut tumanida yashovchi Z.Suyunov hudud aholisini ichimlik suvi, uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlab berishni hamda asosiy yo‘lga asfalt yotqizib berishda amaliy yordam so‘ragan.

Mazkur murojaatga asosan Urgut tumani prokuraturasining aralashuvi bilan Nisbot qishlog‘ida yangi 10 dona betonli elektr simyog‘ochlar o‘rnatilib, 500 metr simlar tortilgan. Shuningdek, 2 ta zamonaviy toza ichimlik suvi yetkazib berish artezian qudug‘i qurib, foydalanishga topshirilgan. Natijada 200 ta xonadon ichimlik suvi bilan ta’minlangan. Hududda 1.8 kilometr yo‘lga asfalt yotqizilgan.

Shuningdek, Samarqand shahrida yashovchi fuqaro Sh.Djalolov Bosh prokuror N.Yo‘ldoshevning sayyor qabuliga murojaat qilgan. U fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudi kassatsiya instansiyasi 2019 yil 28 noyabrda chiqargan ajrimi bilan o‘zgarishsiz qoldirilgan Samarqand shahar sudini 2019 yil 23 yanvardagi qarori bilan da’vogar shahar hokimining Z.Axmedjanova (muallifning onasi) manfaatida javobgar “TEMP” xususiy korxonasiga nisbatan boy berilgan foyda, ijara to‘lovlari, yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararlarni undirish haqidagi da’vo arizasi qisman qanoatlantirilib, javobgar hisobidan Z.Axmedjanovaning foydasiga 2018 yilning noyabr, dekabr va 2019 yilning yanvar oylari uchun 4.8 million so‘m ijara puli undirish belgilanganligidan norozi ekanligini bayon qilgan.

Mazkur sud qarorlari nazorat tartibida o‘rganilib, boy berilgan foyda, ijara to‘lovlari, yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararlarni undirish, sud qarorini bekor qilish haqida Bosh prokuraturaga taqdimnoma kiritilgan.

Umuman, tahlillarga ko‘ra qabul qilingan murojaatlarning 185 tasi sud qarorlari bo‘yicha (fuqarolik – 104, JIB - 52, ma’muriy – 22, iqtisodiy – 7 ta), 153 tasi surishtiruv va tergov masalalari yuzasidan 580 tasi ijtimoiy-iqtisodiy, 70 tasi sud qarorlari va boshqa organlari qarorlari ijrosi bo‘yicha, 20 tasi qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha va 36 tasi boshqa masalalarga oid murojaatlarni tashkil etgan.

Viloyatda 2-sektor rahbarlari tomonidan 1007 ta sayyor qabullar tashkil etilgan. Ularda 11748 nafar fuqarolar qabul qilingan. Qabullar jarayonida 7471 ta murojaatlar kelib tushgan. Ulardan 5710 tasi bevosita hal etilib, 2432 ta murojaatlar qanoatlantirilgan, 3287 ta murojaatlar bo‘yicha tushuntirishlar berilgan va 15 ta murojaatlar rad etilgan.

Qabul jarayonlarida joyida hal etilgan og‘zaki murojaatlar soni 4277 tani tashkil etgan.

Ulug‘bek XAMDAMOV,

Samarqand viloyati prokurorining o‘rinbosari.