Samarqanddagi to‘rt sektor rahbari ham salomatligini tiklash uchun ta’tilga chiqqan
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi tomonidan tasdiqlangan jadvalga muvofiq mahalliy hokimlik hamda sektor rahbarlari tibbiy ko‘rikdan o‘tish va davolanish uchun 7 fevralgacha bo‘lgan muddatda 2 bosqichda qisqa muddatli ta’tilga chiqmoqda.
Mazkur jadvalga ko‘ra, bugungi kunda birinchi bosqichda samarqandlik rahbarlardan 150 nafari tibbiy ko‘rikdan o‘tib, davolanmoqda. Jumladan viloyat hokimi (E.Turdimov), viloyat prokurori (R.Masharipov), viloyat ichki ishlar boshqarmasi (Sh.Rahmonov) va viloyat davlat soliq boshqarmasi (A.Inag‘omov) boshliqlari Toshkent shahrida, 3 nafar viloyat hokimining maslahatchilari (yordamchi), 48 nafar sektor rahbarlari (tuman/shahar prokurorlari, IIB va DSI boshliqlari), 96 nafar tuman (shahar) hokimlarining o‘rinbosarlari viloyat tibbiyot markazlarida tibbiy ko‘rikdan o‘tib, zaruriy muolajalarni olmoqda. Muolajalar joriy yilning 27 yanvariga qadar davom etishi belgilangan.
Ikkinchi bosqichda (28 yanvardan 7 fevralgacha) Samarqanddan yana 24 nafar (8 nafar viloyat hokimining o‘rinbosari, 16 nafar tuman va shahar hokimlari) rahbarlar Toshkent shahrida tibbiy ko‘rikdan o‘tib, davolanishi ko‘zda tutilgan.