Viloyat hokimi borib, tegishli topshiriqlar bergandan keyin ham hal bo‘lmagan muammo narpayliklarni qiynab kelmoqda

Bu yerda gap Narpay tumanidagi Do‘stlik mahallasida 2020 yil dekabr oyida oqova suvlarni tortish va tozalash uchun qurib, foydalanishga topshirilgan inshoot haqida ketmoqda.
Yaxshi niyat bilan bir yil avval qurilgan qurilma talab darajasida ishlamaganligi sababli undan aholi aziyat chekmoqda.
Ya’ni, siz videolavhada ko‘rib turgan oqova suvlarning badbo‘y hidi unga yaqin atrofda nafas olishga imkon bermaydi.
Ma’lum qilinishicha, inshoot "Suv ta’minoti va oqova suv ob’yektlari qurilishi bo‘yicha IK" unitar korxonasi viloyat boshqarmasi tomonidan buyurtma qilinib, “ECO CONSTRUCTION GROUP” MChJ tomonidan qurilgan.
Qiymati 20 mlrd. so‘m mablag‘ sarflangan mazkur inshoot foydadan ko‘ra ko‘proq zarar keltirmoqda.
Misol uchun, elektr energiyasida uzilish bo‘lganda bevosita ikkinchi tarmoqqa ulanmasligi, favqulodda holatda oqova suvni chiqarib yuborishning iloji yo‘q.
Bunday paytlarda oqova suvlar Narpay kanaliga qo‘yib yuborilayotganligi aytilmoqda.
Mutaxassislarning aytishicha, bu inshootdan to‘g‘ri va samarali foydalanish nafaqat tozalikka, balki qo‘shimcha daromad olishga ham xizmat qiladi.
Jumladan, bugungi sharoitda ham bir dona "govnavoz" bo‘lsa, hafta davomida to‘plangan 50-60 mashina quyqa tashib chiqarishi mumkin. Paxta va boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlari uchun arzon, ayni damda juda foydali bo‘lgan bu mineral o‘g‘itdan to‘g‘ri foydalanilmayapti.
Aslida fermer xo‘jaliklariga targ‘ib qilinsa ham oqova suvlaridan hosil bo‘ladigan cho‘kma, albatta, sharbat usulida sug‘orishda nihoyatda qimmatli vosita hisoblanadi.
Umuman, chala qolgan inshoot viloyat hokimining ham e’tiboriga tushgan ekan. Aholining aytishicha, shundan keyin mutasaddilar inshootni ko‘zdan kechirishgan, ammo amalda hech qanday o‘zgarish bo‘lmagan.
Kimnidir tanqid qilmoqchi emasmiz, biroq shaxsan guvoh bo‘ldik: odamlar behuda yozg‘irmayapti. Muammo – dolzarb. Kunlar isigan sari u yanada murakkablashib, gazak otib boraveradi. Shu bois mutasaddilar masalaning yechimini topishlari zarur.