Viloyat hokimi Xitoyning yurtimizdagi elchisi bilan uchrashdi

Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov Samarqandga tashrif buyurgan Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Szyan Yan xonim bilan uchrashdi.

Viloyat hokimligi axborot xizmatining xabar berishicha, uchrashuvda viloyatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarini jalb qilish, Paxtachi va Qo‘shrabot tumanlarida qurilish sanoati, chorvachilik, parrandachilik hamda bog‘dorchilik yo‘nalishlari bo‘yicha muzokaralar olib borildi. Shuningdek, Samarqand delegatsiyasining Xitoy Xalq Respublikasiga kutilayotgan tashrifi doirasidagi masalalar ham muhokama etildi.

11 mart kuni Samarqandga kelgan Szyan Yan xonim kecha Samarqand davlat chet tillar institutida bo‘lib, bu yerda ta’lim olayotgan talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, ta’lim jarayoni hamda Konfutsiy instituti faoliyati bilan yaqindan tanishgan edi. Institut rahbarlari bilan ta’lim sohasida hamkorlik bo‘yicha muzokaralar o‘tkazgandi.