Viloyat Kengashining navbatdagi sessiyasida qanday masalalar muhokama qilinadi?
Xalq deputatlari viloyat Kengashi maslahat kengashining navbatdagi yig‘ilishida shu haqda fikrlashib olindi.
Yig‘ilishda Oliy Majlis Senatiga ko‘maklashuvchi komissiyasiga viloyatdan yordam beruvchi ishchi guruhi raisi, Senati a’zosi F.Toshev, xalq deputatlari viloyat Kengashi kotibiyati mudiri Sh.Yuldashev, Kengash doimiy komissiyalari raislari, siyosiy partiya guruhi rahbarlari hamda tegishli mutasaddilar qatnashdi.
Unda dastlab xalq deputatlari viloyat Kengashining VI chaqiriq navbatdagi sessiya kun tartibiga kiritish to‘g‘risida taklif berilgan masalalar muhokama qilindi. Ma’lumki, amaldagi tartibga binoan siyosiy partiyalar, ularning Kengashdagi deputatlik guruhlari va Kengash doimiy komissiyalari navbatdagi sessiya kun tartibi yuzasidan taklif berish vakolatiga ega.
O‘z navbatida, kiritilgan takliflar dastlabki tarzda Kengashning doimiy komissiyalarida ko‘rib chiqilishi talab etiladi. Muhokamalar chog‘ida mazkur talab asosida ma’qul, deb topilgan masalalarni sessiya kun tartibiga kiritishga kelishib olindi.
- Mavjud qonunchilikka ko‘ra, Kengash mavjud qonun-qoidalar ijrosini nazorat qiluvchi vakillik organi hisoblanadi, - dedi Kengash kotibi Sh.Yuldashev. – Ammo talab va tartib barcha uchun birdek bo‘lishi lozim. Xususan, doimiy komissiyalarimiz o‘z ish rejalarini qay darajada amalga oshirayapti, ular oldiga qo‘ygan vazifalarni bajarishlariga nima to‘sqinlik qilyapti kabi savollarga javob olish maqsadga muvofiq. Shu bois navbatdagi sessiya davomida doimiy komissiya raislarining hisobotini eshitishni taklif qilmoqchiman.
Maslahat organi mazkur taklifni qo‘llab-quvvatladi. Shuningdek, Kengash a’zolari navbatdagi sessiya kun tartibiga sessiyalarda tushgan savollar, deputatlik so‘rovlari va Kengash qarorlari ijrosi to‘g‘risidagi masalani kiritishga kelishib oldi.