Samarqandda 700 ta holatda gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish oqibatida 18,2 mlrd. so‘m miqdorida zararlar aniqlangan

Samarqand viloyati prokuraturasi organlari tomonidan o‘tkazilayotgan nazorat tadbirlari davomida 700 ta holatda gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlangan. Buning oqibatida kelib chiqqan 18,2 mlrd. so‘m miqdorida zarar aniqlanib, 40 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan, qo‘pol qonunbuzilishi holatlari yuzasidan 14 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Noqonuniy holatlar yuzasidan iqtisodiy sudlarga 28 mlrd. so‘mlik 344 ta da’vo arizalari kiritilishi ta’minlangan. Bugungi kunda yetkazilgan zararning 2 mlrd. so‘mdan ortig‘i qoplanishi ta’minlandi.

Shuningdek, egasi aniqlanmagan energiya resurslari bo‘yicha o‘tkazilgan o‘rganishlarda davlat va jamiyat manfaatlariga 1,2 mlrd. so‘mlik zarar yetkazilgani aniqlanib, mazkur holatlar yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlariga kirishilgan.

Viloyat prokuraturasi tomonidan shakllantirilgan ishchi guruh tomonidan energiya resurslarini ko‘p iste’mol qiluvchi hamda energiya resurslari ko‘rsatkichlari tegishli dasturlarida qayd etilmayotgan yirik ulgurjilar ro‘yxati shakllantirilib, o‘rganilmoqda, deyiladi prokuratura xabarida.