Okrug komissiyasi tarkibiga nomzodlar tavsiya etildi

Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining sakson uchinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Sessiyani Kengash kotibiyati mudiri Z.Karimov olib bordi.

Dastlab viloyatda asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini kafolatli yetkazib berish va narxlar barqarorligini ta’minlash bo‘yicha belgilangan vazifalar yuzasidan “Yo‘l xaritasi”ni tasdiqlash to‘g‘risidagi masala ko‘rildi. Ta’kidlanishicha, 2023 yil hosili uchun asosiy maydonlarning 35,4 ming gektariga kartoshka, 7,8 ming gektariga piyoz, 6,9 ming gektariga sabzi, 15 ming gektariga moyli, 19,7 ming gektariga ozuqa ekinlari ekish belgilangan. Natijada asosiy maydonlarda 646,3 ming tonna kartoshka, 211,5 ming tonna piyoz, 144,1 ming tonna sabzi, 22,7 ming tonna moyli ekinlar, 336,9 ming tonna ozuqa mahsulotlari yetishtiriladi.

“Yo‘l xatirasi”da 2023 yilda qoramol, qo‘y va parranda go‘shti hamda tuxum yetishtirishni tashkil etish bo‘yicha belgilangan ishlar ham ma’lum qilindi. Jumladan, fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi korxonalarida yirik shoxli qoramol bosh sonini 1 million 886,6 ming boshga, qo‘ylar sonini 2 million 628,0 ming boshga, tuxum yo‘nalishidagi parranda sonini 7 million 780 ming boshga, go‘sht yo‘nalishidagi parranda sonini 6 ming 734 ming boshga (102 foiz) yetkazish belgilangan. Natijada barcha toifadagi xo‘jaliklarda 323,9 ming tonna tirik vaznda go‘sht, 1,4 million tonna sut, 1 milliard 448,8 million dona tuxum ishlab chiqarish ta’minlanadi.

Deputatlar viloyatda asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini kafolatli yetkazib berish va narxlar barqarorligini ta’minlash bo‘yicha belgilangan vazifalar yuzasidan "yo‘l xaritasi"ni tasdiqladi.

Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi referendumini o‘tkazuvchi 7-Samarqand okrugi komissiyasi a’zoligiga nomzodlar tavsiya etildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2023 yil 10 martdagi hamda Senatning 14 martdagi qarorlariga ko‘ra, 2023 yil 30 aprel kuni “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi referendumi o‘tkaziladi.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2023 yil 16 mart kuni o‘tkazilgan majlisida referendumni o‘tkazish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri chegarasi doirasida 14 ta referendum okrugi tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Referendumga doir qonunchilikka ko‘ra, referendum o‘tkazuvchi okrug komissiyasi a’zolari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tavsiyasi asosida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.

Shundan kelib chiqib, referendum o‘tkazuvchi 7-Camarqand okrug komissiyasi tarkibiga saylovga hamda referendumlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish borasida ish tajribasiga ega bo‘lgan, aholi o‘rtasida obro‘-e’tibor qozongan fuqarolar orasidan komissiya raisi, o‘rinbosari, kotibi va 18 nafar a’zo nomzodi deputatlar tomonidan ma’qullandi.

Bu haqdagi qaror O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etiladi.

Sessiyada muhokama etilgan masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilindi.