Viloyatdagi masjid va ziyoratgohlarda qurbonliklar ado etilmoqda

Hikoya qilishlaricha, bir ayol tushida bir odamni zaharli ilon chaqib, o‘ldirganini ko‘rdi. Bu tush ayolni juda qo‘rqitdi. Tong otgach, ayol o‘sha tushida ko‘rgan odamning uyiga borib, ko‘rgan tushini uning o‘ziga aytib berdi. Undan ehtiyot bo‘lishni, hushyor yurishni iltimos qildi.

Ayol ketgach, haligi odam Alloh uchun ikkita qo‘y so‘yib, sadaqa qilishni nazr qildi. Shoyad, o‘sha so‘ygan qo‘ylari sababli qo‘rqinchli tushning xataridan salomat bo‘lsa.

Darhaqiqat, Payg‘ambarimiz sollalohu alayhi vassallam ham Hadisi shariflarda “Sadaqa baloni qaytaradi va umrni uzaytiradi”, deganlar.

Koronavirus balosi dunyo afkor ommasi halovatini buzgan ayni kunlarda har birimiz mutaxassislar tavsiya va ko‘rsatmalariga qat’iy rioya etib, Alloh taolodan ushbu kasallikning butun insoniyat boshidan daf etishini so‘rab, duolar qilishimiz, xayr-ehson va sadaqalar qilishimiz ayni muddao bo‘lar edi.

Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi tavsiyasi, shuningdek, viloyat hamda shahar va tuman hokimliklari tashabbusi bilan bevosita hokimlar ishtirokida barcha ziyoratgoh, qadamjo va masjidlar tomonidan ehsonlar hamda qurbonliklar ado etilmoqda. Jumladan, Samarqand viloyatida mavjud ziyoratgoh va masjidlar tomonidan shu vaqtga qadar 2 bosh qoramol, 1 bosh tuya va 32 bosh qo‘y so‘yilib, go‘shti va jami 100 million so‘mga yaqin boshqa zaruriy oziq-ovqat mahsulotlari ijtimoiy ko‘makka muhtoj, kam ta’minlangan oilalar hamda duosi mustajob insonlarga ehson qilindi.

Shuningdek, viloyatdagi mavjud 285 ta masjid imom-xatiblari, imom-noiblari hamda otinoyilar tomonidan joylarda xatmi Qur’onlar o‘qildi. Qurbonliklar, duo, istig‘forlar sharofatidan balo-yu ofatlarni bartaraf etishni so‘rab duolar qilindi.

Xayriya tadbirlari Qur’on karim tilovatlari, istig‘forlar, salavotlar aytish va iltijolar qilish barobarida davom ettiriladi.

Alloh taolo xayr-ehsonlarni qabul qilib, bu yo‘lda o‘z hissalarini qo‘shgan barcha saxovatpesha kishilarga ajru mukofotlarini ziyoda qilsin.

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

O‘MI Samarqand viloyati vakilligi Axborot xizmati