Viloyatlararo avtotransport harakati butunlay to‘xtatildi
Bugun, 27 mart soat 10:00 dan boshlab viloyatlararo yo‘nalishlarda barcha turdagi avtotransport vositalarining harakatlanishi to‘xtatildi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ushbu cheklov chorasi yuk tashuvlari bilan shug‘ullanayotgan avtotransport vositalari va ularning haydovchilariga nisbatan tatbiq etilmaydi. Biroq yuk avtotransport vositalarida hujjatlarda qayd etilmagan shaxslarning harakatlanishiga ham yo‘l qo‘yilmaydi.
Aholi salomatligini asrash, sanitariya osoyishtaligini ta’minlash maqsadida joriy etilayotgan vaqtinchalik cheklov choralarini to‘g‘ri baholagan holda unga so‘zsiz amal qilishingizni so‘rab qolamiz.
Karantin qoidalariga qat’iy amal qilish va asosiy vaqtni uyda o‘tkazish koronavirus pandemiyasi tarqalishining oldini olishda eng samarali usuldir. Shu bois zarurat bo‘lmaganda, ko‘chaga chiqmasdan, oila davrasida qolish juda muhimligini eslatib o‘tmoqchimiz.