Vladimir Zelenskiy o‘ziga koronavirus infeksiyasini ataylab yuqtirmoqchi bo‘ldi...

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy “odamlar bu vabo emasligini” tushunishlari uchun koronavirus infeksiyasini o‘ziga yuqtirmoqchi bo‘lganini ma’lum qildi.

“Odamlarga oson bo‘lishi uchun men bu bosqichni o‘zimda o‘tkazmoqchi edim. Odamlar qattiq sarosimaga tushib qolgan edi. Biz majlis qildik. Men o‘zimiznikilarga, “Kelinglar men kasal bo‘laman, meni Bankovaga (Prezident ofisi) alohidalaysiz. O‘sha yerda yashab turaman, hammasi yaxshi bo‘ladi”, dedim... Odamlar bu vabo emasligini tushunishlari, sarosima bo‘lmasligi uchun. Boshida vaziyat juda og‘ir edi, odamlar endi barchamiz qirilib ketamiz, degan xayolga bora boshladi... Biroq bu taklifimni ortiqcha deb hisoblashdi”, dedi Zelenskiy “Ukrainskaya pravda” nashriga.

U oilasi bu qilmishini kechirmasligini qo‘shimcha qildi. “Ular meni aqldan ozgan, deb o‘ylashgan bo‘lardi. Umuman olganda, ular haq”, dedi Zelenskiy.