Vladivostokda 4 nafar o‘zbekistonlik hayotdan ko‘z yumdi

O‘zbekistonning Vladivostok shahridagi (Rossiya) Bosh konsulxonasi ma’lumotiga ko‘ra, 2019 yil 24 oktyabr kuni ushbu shaharda sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida Buxoro viloyatidan kelgan 3 nafar O‘zbekiston fuqarosi O.J., K.T. va J.B. vafot etdi.

TIV xabariga ko‘ra, konsullik-huquqiy va tashkiliy masalalar hal qilinganidan so‘ng 26 oktyabr kuni hamyurtlarimizning jasadlari «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAKning “Vladivostok-Toshkent” yo‘nalishidagi reysi bilan vatanga yuborildi.

Shuningdek, 27 oktyabr kuni Vladivostok shahri bolalar kasalxonasida sog‘ligi holatining yomonlashgani sababli O‘zbekiston fuqarosi I.B. vafot etdi.

Bosh konsulxona mazkur vaziyatni nazoratga oldi va O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Moskva shahridagi vakolatxonasi bilan birgalikda marhumaning jasadini vatanga yuborish bilan bog‘liq masalalarni hal qilmoqda.

Konsullik-huquqiy departamenti marhumlarning oila a’zolari va yaqinlariga ta’ziya bildirgan hamda eslatib o‘tishicha, Rossiyaning Uzoq Sharq federal okrugi (Amur oblasti, Kamchatka o‘lkasi, Magadan oblasti, Primore o‘lkasi, Saxa Respublikasi (Yoqutiston), Saxalin oblasti, Yahudiy avtonom viloyati, Xabarovsk o‘lkasi, Chukotka avtonom okrugi) hududida joylashgan fuqarolar zarur vaziyatlarda mamlakatning Vladivostok shahridagi Bosh konsulxonasiga quyidagi telefon raqamlari orqali murojaat qilishlari mumkin: +7-423-260-48-00, +7-951-018-70-07.