Xalq ta’limi boshqarmasi: 1267 ta maktabdan 1039 tasida darslar ikki smenada tashkil etilgan
Xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Zebiniso Shodiyeva jurnalistlar bilan muloqotda tizimdagi bir qator muammolarni sanab o‘tdi.
Shodiyevaga ko‘ra, 581 mingdan ziyodroq o‘ringa ega ta’lim muassasalarida bugungi kunda 744 ming nafardan ortiq o‘quvchi (1.3 koeffitsentda) tahsil oladi.
Mazkur raqamdan bilish mumkinki, ayni vaqtdga kelib maktablar yetishmasligi muammosi tizim oldidagi eng dolzarb masalalardan biri bo‘lib turibdi. Birgina misol, darslar 2 navbatda, kechgacha bo‘ladigan maktabda qanday qilib o‘quvchilarni turli to‘garaklarga jalb etish mumkin? Bu masalaning kichik bir tomoni, xolos.
XTB boshlig‘i holatga to‘xtalar ekan, mazkur muammoni birdaniga yechish butun mamlakat iqtisodiyoti uchun ham imkonsiz ekani, ammo ajratiladigan mablag‘ miqdori yildan yilga kesikn oshayotganini bildirdi.
Jumladan, joriy yilda viloyat bo‘yicha 497 mlrd so‘m mablag‘ evaziga 167 ta maktabning holati yaxshilanib, 4 ta maktab yangidan qurilgan, 108 maktab rekonstruksiya qilingan va 55 maktab mukammal ta’mirdan chiqqan. Yangi qurilgan maktablar evaziga 18 160 ta qo‘shimcha o‘quvchi o‘rni yaratilgan.
Yana bir yangilik shuki, ta’limga “yangi qon” olib kirish maqsadida bu yil Nukus shahri, Andijon, Namangan, Buxoro, Navoiy, Jizzax, Qashqadaryo viloyatlaridan tajribali o‘qituvchilar viloyatning Nurobod, Qo‘shrabot, Kattaqo‘rg‘on, Paxtachi, Narpay, Payariq tumanlaridagi ta’lim sifati past bo‘lgan maktablarga ishga jalb etilgan. Ularga ustama haqlari to‘lash uchun yaqinda viloyat hokimligi tomonidan 2 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.