Milliy reyting natijalariga ko‘ra, Samarqand to‘rt pog‘ona yuqoriladi

Bugun, 23 oktyabr kuni “Zarnews.uz” sayti orqali “Oliy va birinchi toifali o‘qituvchilar ko‘rsatkichi bo‘yicha Samarqand oxirgi o‘rinda” nomli maqola e’lon qilindi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi umumta’lim muassasalarining milliy reytingi natijalari, bunda Samarqand viloyatidagi umumta’lim maktablarining ishtiroki, qayd etilgan ko‘rsatkichlar bo‘yicha xato ma’lumotlar keltirildi.

Jumladan, maqolada milliy reytingda viloyatdan 121 ta maktab ishtirok etgani, matematikadan yozma ish bo‘yicha Samarqand oxiridan ikkinchi o‘rinda ekanligi, ona tilidan yozma ish bo‘yicha ham xuddi shunday natijani qayd etgani noto‘g‘ri ko‘rsatilgan.

Bu haqda shuni ma’lum qilamizki, joriy yil Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan tashkil etilgan milliy reytingda Samarqand viloyatidan 125 ta maktab ishtirok etdi. Natijalarga ko‘ra, Samarqand viloyati o‘tgan yilgi natijadan 4 pog‘ona yuqorilab, respublikada 9-o‘rinni egalladi.

Bunda aynan umumta’lim muassasalarining matematika fanidan yozma ish natijalariga ko‘ra, Samarqand 20,1 ball bilan respublikada birinchi, ona tilidan diktant yo‘nalishi bo‘yicha 70,55 ball bilan respublikada uchinchi o‘rinni egallagan.

Eng yuqori natijalar bo‘yicha top-20 talikda Samarqanddan 1 ta maktab o‘rin oldi. Oliy va birinchi toifali o‘qituvchilar ko‘rsatkichlari bo‘yicha eng quyi natija qayd etildi.

O‘tgan yilgi milliy reyting natijalari viloyatning har bir tuman va shahar hamda maktablar kesimida tanqidiy tahlil etilgan. Muammolarni ijobiy hal etish bo‘yicha aniq vazifalar amalga oshirilib kelinmoqda. Joriy yilgi natijalar, yutuq va kamchiliklar bo‘yicha tahlili bo‘yicha batafsil ma’lumot beriladi.

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.