Xalqaro bozorda O‘zbekiston chorvasi va terisiga qiziqish katta, ammo bizda qayta ishlash kam

Samarqand tumanida bugungi kunda veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish tizimida 76 ta sub’yekt bo‘lib, ularning 44 tasi qoramolchilik, 18 tasi parrandachilik va 14 tasi baliqchilik faoliyati bilan shug‘ullanadi.

Chorvachilik xo‘jaliklarida 3490 bosh qoramol, shundan 1120 bosh sigir boqiladi. 18 ta naslchilik xo‘jaligida esa 1800 boshdan ortiq naslli chorva mollari parvarishlanmoqda.

Samarqand tumani hokimligi va tuman veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi tomonidan tashkil etilgan press-turda ma’lumot berilishicha, hozirgacha 4,1 million bosh chorva mollari 11 turdagi, 13,5 million bosh parranda 4 turdagi kasallikka qarshi emlangan. Shuningdek, hayvonlar saqlanadigan chorvachilik ob’yektlari dezinfeksiya va dezinseksiya qilingan, laboratoriyalarda 865 mingdan ortiq diagnostik tahlillar o‘tkazilgan. Viloyatda davlat veterinariya xizmati tomonidan olib borilayotgan tadbirlar natijasiga ko‘ra, hayvonlarning o‘ta xavfli yuqumli kasalliklari bo‘yicha epizootik osoyishtalik ta’minlangan. Qassoblik bilan shug‘ullanuvchi tadbirkor va korxonalar tomonidan iste’molga keltirilgan 1009,9 tonna go‘sht va go‘sht mahsulotlari, 220,7 tonna baliq, 32,5 million dona tuxum, 16,3 tonna asal va 124,8 tonna o‘simlik mahsulotlari ekspress laboratoriya tahlillaridan o‘tkazilib kelinmoqda.

Biroq veterinariya va chorvachilik sohasida amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda o‘z yechimini kutayotgan muammolar ham bor. Masalan, 1 gektar sug‘oriladigan va lalmi yer maydonlari hisobidan saqlanadigan chorva mollari bosh soni va ishlab chiqariladigan mahsulotlar me’yorlari bo‘yicha normativ hujjatlar mavjud emas. Shu bois, bir gektar sug‘oriladigan ozuqa maydonidan  8 tonna sut va 600 kilogramm go‘sht (tirik vaznda), 1 gektar lalmikor ozuqa maydonidan 0,63 tonna sut va 90 kilogramm go‘sht (tirik vaznda), bir gektar yaylov maydonidan 80 kilogramm go‘sht (tirik vaznda) ishlab chiqarish bo‘yicha me’yoriy hujjatlarni ishlab chiqish va qonun bilan tasdiqlash lozim.

Veterinariya nazoratidagi korxonalarga yuridik va jismoniy shaxslarga pullik veterinariya, naslchilik-seleksiya va boshqa xizmatlar ko‘rsatish tartibi, xizmat turlari va tariflari (preyskurant) ishlab chiqilmagan. Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 27 iyundagi 532-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomga ko‘ra, yuridik va jismoniy shaxslarga pullik veterinariya, naslchilik-seleksiya va boshqa xizmatlar ko‘rsatish tartibi, xizmat turlari va tariflarini (preyskurant) ishlab chiqish hamda belgilangan tartibda tasdiqlash to‘g‘risida qarorda ko‘rsatib o‘tilgan bo‘lsa-da, ijrosi ta’minlanmagan. Buning uchun xizmat ko‘rsatish tartibi va tariflarini belgilash kerak. Bu bilan veterinariya nazoratidagi korxonalarga mutaxassislar tomonidan shartnoma asosida veterinariya xizmati, sun’iy urug‘lantirish va dezinfeksiya, deratizatsiya va boshqa xizmat turlari ko‘rsatilishi ko‘payadi. Sohaning moddiy texnik bazasi mustahkamlanadi.

Yana bir muammo. Viloyatda bugungi kunda 1,7 million bosh qoramol, 2,6 million bosh qo‘y, 14,3 million bosh parranda, jami 2 million bosh shartli qoramol parvarishlanadi. Bundan tashqari, baliqchilik, asalarichilik, quyonchilik yo‘nalishidagi fermer xujaliklari ham mavjud. Hozirgi kunda 1 nafar veterinariya vrachi 3000 bosh shartli molga xizmat ko‘rsatishiga to‘g‘ri kelmoqda. Aslida 1 nafar veterinariya vrachi va 1 nafar veterinariya texnigining xizmat ko‘rsatishi 800 bosh shartli mol bosh sonidan ortiq bo‘lmasligi kerak. Shuning uchun pullik xizmat hisobidan qo‘shimcha veterinariya va zootexniya xizmati ko‘rsatish imkoni mavjud.

Bu bilan veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limlari qoshida tashkil etiladigan xo‘jalik hisobidagi korxonalarda yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Chorva mollarini davolash, sun’iy urug‘lantirish ishlari o‘z vaqtida va sifatli bajariladi. Natijada chorva mollarining nasli yaxshilanishi, bosh soni ko‘payishi, go‘sht va sut mahsulotlari ortishi va aholining chorva mahsulotlariga bo‘lgan talabini to‘liq qondirishga erishiladi. Bu vazifalarni amalga oshirish uchun normativ-huquqiy xujjatlarni ishlab chiqish zarurati bor.

Tumandagi “Chorva sut servis” fermer xo‘jaligi to‘liqligicha Turkiya loyihasi asosida qurilgan va bu yerda chorva mollarini shamollatish, ozuqa berish jarayonlari ham to‘liq avtomatlashtirilgan. Fermani tozalashdan tortib, chorva mollariga ozuqa berishgacha barcha jarayonlar texnika yordamida bajariladi.

-  2021-2022 yillarda bank kreditlari ko‘magida Germaniyadan sut yo‘nalishida 40 bosh “Golshtin” zotli, Avstriyadan go‘sht va sut yo‘nalishida 62 bosh “Simental” zotli qoramollarni 2500 Yevrodan sotib oldik, - deydi xo‘jalik rahbari Ahmad G‘ulomov. – Hozir ular 354 boshga yetdi, shundan 180 bosh sog‘in sigir bor. Ulardan yiliga 20 tonnagacha go‘sht olinadi, bir yilda 2,5-3 tonnagacha sut sog‘ib olinib, qayta ishlovchi korxonalarga yetkazib beramiz. O‘tgan yilda 180 bosh sog‘in sigirdan 163 bosh naslli buzoq olindi.     

Aslida chetdan keltirilgan chorva mollari uchun eng katta muammo tuyoq kasalligi hisoblanadi. Xo‘jaligimiz veterinar vrachlari chorvani bunday kasallikdan asrash uchun maxsus kimyoviy eritma tayyorlab, qoramollarni eritma solingan kichik hovuzchadan o‘tkazishadi. Bu 80-90 foizgacha tuyoq kasalliklarining oldini oladi. 

Bugungi kunda Samarqand tumanida 3 ta zamonaviy avtomatlashtirilgan kushxona tashkil qilingan. Jumladan, “Samteritayyorlov” mas’uliyati cheklangan jamiyati ham Vazirlar Mahkamasining 2019 yildagi sohani tartibga solishga doir qarori talablari asosida 1 million 300 ming dollar mablag‘ hisobidan tashkil etilgan. Hozir mazkur kushxonada kuniga 300 bosh yirik shoxli qoramol so‘yiladi va 80 bosh chorva mollarini saqlash imkoniyatiga ega.

-  Mijozlarga qulaylik yaratish maqsadida kushxonaning o‘zida so‘yilgan chorva mollarini iste’molga yaroqliligini tekshirish uchun serologiya, bakteriologiya bo‘yicha sertifikat oldik, - deydi jamiyat rahbari Olim Kazimov. – Avval mijozlar namunalarni tekshirtirish uchun 8 kilometr yo‘l bosib, tuman markazidagi laboratoriyaga borib-kelishi kerak edi, endi barcha xizmatlar kushxonadagi laboratoriyada tekshirilib, shu yerning o‘zida xizmat ko‘rsatiladi. Barcha texnologiya Turkiyadan keltirilgan va chorva mollari veterinar vrach ko‘rigidan o‘tgach, so‘yishga ruxsat beriladi. Bu sohadagi asosiy muammolardan biri terini qayta ishlash hisoblanadi. Aslida xalqaro bozorda O‘zbekiston chorvasi va uning terisiga qiziqish katta, lekin qayta ishlash bo‘yicha loyihalar kam. Bu bo‘yicha Turkiya, Misr, Italiyadan sarmoyadorlar bilan muzokaralar olib bordik. Hozirda esa to‘plangan teri mahsulotlarini respublikamizning boshqa viloyatlarida joylashgan terini qayta ishlovchi korxonalarga jo‘natyapmiz. 

O‘ktam XUDOYBERDIYeV.