Xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga “Sahih ul-Buxoriy” asarining ko‘zi ojizlar uchun mo‘ljallangan nusxasi hadya qilindi

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga Pokistonning Janubiy Afrika Respublikasidagi Nur-Islom universiteti ulamolari tashrif buyurdi.

Mehmonlarga markaz faoliyati, maqsad va vazifalari, ilmiy-tadqiqot va xalqaro hamkorlik yo‘nalishida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Muzeydagi Imom Buxoriy hayoti va ijodi, ilmiy safarlari haqida hikoya qiluvchi turli eksponatlar va qo‘lyozma manbalari fondida saqlanayotgan nodir asarlar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Nur-Islom universiteti katta ustozi, shayx Fazlur Rahmon Azliy markaz kutubxonasiga “Sahih ul-Buxoriy” asarining ko‘zi ojizlarga mo‘ljallangan, brayl uslubida yozilgan nusxasini sovg‘a qildi.

Islom olamida Qur’oni karimdan keyingi ikkinchi ishonchli manba sifatida e’tirof etilgan “Sahih ul-Buxoriy” asarini endilikda markazning ko‘zi ojiz ziyoratchilari ham o‘qishi mumkin.

Shayx Fazlur Rahmon Azliy boshchiligidagi delegatsiya a’zolari Imom Buxoriy yodgorlik majmuasini ham ziyorat qilib, Qur’on tilovat qilishdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi axborot xizmati.