Xalqaro kuzatuvchilar okrug komissiyasida bo‘ldi
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni bo‘yicha o‘tkaziladigan referendumni kuzatish maqsadida mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi cheklangan missiyasi uzoq muddatli kuzatuvchilari Garold Otto va Mariam Aduashvili bugun 7-Samarqand okrug komissiyasi faoliyati bilan tanishdi.
Okrug komissiyasi raisi o‘rinbosari D.Yakubjanova hamda komissiya kotibi O.Toshniyozov joriy yilning 30 aprel kuni o‘tkaziladigan referendumga tayyorgarlik doirasida okrug komissiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
“O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi qonun hamda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan kalendar reja asosida okrug komissiyasi shu paytgacha Samarqand viloyati chegarasi doirasida 1111 ta referendum uchastkalarini tuzdi. Bu haqdagi qaror va uchastkalar haqidagi ma’lumotlar ommaviy axborot vositalarida e’lon qilindi. Barcha uchastkalar uchun saylovchilarga qulay bo‘lgan joylarda binolar tanlangan va ular zarur jihoz, texnik vositalar bilan ta’minlangan.
Komissiyaning bugungi yig‘ilishida referendum uchastka komissiyalari tarkibi tasdiqlandi. Kuzatuvchilar bu jarayonga bevosita guvoh bo‘ldi.
Xalqaro kuzatuvchilar referendumda ovoz beruvchilar ro‘yxatini shakllantirish tartibi, uchastka komissiyalari a’zolarini o‘qitish, bu galgi referendumning o‘ziga xos jihatlari bilan qiziqdi. Shu va boshqa savollar yuzasidan okrug komissiyasi mas’ullari batafsil tushuncha berdi.
Okrug komissiyasi matbuot markazi.