Xalqaro markaz navbatdagi yangi kitoblarni taqdim etdi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi hamkorligida nashr etilgan kitoblarning onlayn taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 27 martdagi “Vazirlar Mahkamasi huzurida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida buyuk vatandoshimiz, hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy hamda yurtimizdan yetishib chiqqan boshqa ulug‘ mutafakkir va allomalarning boy merosi, ularning jahon sivilizatsiyasi, ilm-fan taraqqiyoti rivojiga qo‘shgan bebaho hissasini chuqur tadqiq etish, asarlarining ilmiy-izohli tarjima va qiyosiy matnlarini nashr etib, xalqimiz va jahon jamoatchiligi o‘rtasida keng targ‘ib qilish, bu boradagi ilmiy tadqiqotlarni tizimli tashkil etish va amalga oshirish belgilangan edi.

Ushbu vazifalardan kelib chiqib, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari tomonidan o‘tgan vaqt mobaynida allomalarimizning hayoti va ilmiy merosini yorituvchi 30 ga yaqin kitoblar nashr qilindi. Jumladan, “Imom Buxoriy ta’rifi”, “Odoblar xazinasi”, “O‘rta asr sharq allomalari ensiklopediyasi”, “Abdulhamid Keshiy hayoti va ijodi”, “Samarqandlik allomalar”, “Alouddin al-Usmandiy as-Samarqandiy”, “Imom Buxoriy — muhaddislar sultoni”, “Ibrohim Saffor Buxoriy”, “Imom Buxoriy majmuasi” kitob albomi hamda “Jaholatga qarshi — ma’rifat” rukni ostida “Haqiqat niqobidagi yolg‘on”, “IShIDning botil g‘oyalari va ularga raddiyalar” nomli kitoblar tayyorlandi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan 2019 yil 25 martda tasdiqlangan “Imom Buxoriy ilmiy merosini ilmiy tadqiq etish va keng jamoatchilikka yetkazish bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi yo‘l xaritasi asosida markaz ilmiy xodimlari tomonidan “Imom Buxoriy izidan”, “Ilmdan boshqa najot yo‘q”, “Ota-ona – hikmat, farzand – chiroq” va “Islomda ijtimoiy illatlar muolajasi” nomli risolalar nashrga tayyorlanib, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamkorligida nashr qilindi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov taqdimoti o‘tkazilayotgan kitoblarning inson hayotidagi o‘rni, ma’naviyatimizni boyitishdagi ahamiyati haqida so‘z yuritdi.

Shuningdek, onlayn taqdimotda O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarov, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi prorektori Zohidjon Islomov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Ubaydulla Uvatov va boshqalar mazkur kitoblar, ularning yaratilish tarixi, yoshlar ta’lim-tarbiyasidagi ahamiyati haqida o‘z fikrlarini bildirdi.

Mazkur kitoblar xalqimizni, ayniqsa, yoshlarni ma’rifatga chorlovchi kitobxonlikka chaqirish, ajdodlarimizning ibratli hayoti va boy ilmiy-ma’naviy merosini yanada ko‘proq o‘rganish, Ona-Vatanga, moddiy-ma’naviy merosimizga va tarixiy qadriyatlarga bo‘lgan ma’rifatini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi