Xaridor kelishuvni buzganligi sabab qarzga sotilgan mashina egasiga qaytarildi

Samrqandlik Ismat (ismlar o‘zgartirilgan) o‘zining “Neksiya” rusumli avtomashinasini 2014 yilda oldindan tanishi bo‘lgan Salimga 10 ming AQSh dollarga baholab, bir yarim yil muddatga qarzga  sotadi.

Avvaldan tanish emasmi, amalga oshirilgan oldi-sotdi shartnomada rasmiylashtirilmaydi, hatto ikki o‘rtada tilxat ham olinmaydi.

Shu sababdanmi dastlabki to‘lov sifatida 2500 AQSh dollar bergan Salimning esa fe’li ayniydi. Qolgan 7500 AQSh dollarni 2016 yil noyabr oyigacha berishga kelishishgan bo‘lsada, Salim turli bahonalar bilan va’dasini bajarmaydi.

Shundan so‘ng Ismat pulning qolganini 3 yil ichida to‘lash to‘g‘risida kelishib, tilxat yozdirib oladi. Biroq Salim navbatdagi va’dasini ham, ya’ni tilxatda olgan majburiyatini ham bajarmaydi. Eng qizig‘i, ko‘p o‘tmay Salim mashinani mahallasidagi aka-ukalar Said va Saddamlarga 12000 AQSh dollariga sotib yuboradi. Ulardan pullarni to‘liq olsada, mashinaning haqiqiy egasiga sariq chaqa ham bermaydi.

Oxir-oqibat Ismat o‘z mulkini qaytarish maqsadida sudga da’vo ariza qo‘zg‘atadi.

O‘zbekistan Respublikasi Fuqarolik kodeksining 164-moddasi talabiga ko‘ra, mulk huquqi shaxsning o‘ziga qarashli mol-mulkka o‘z xohishi bilan va o‘z manfaatlarini ko‘zlab egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish, shuningdek o‘zining mulk xuquqini, kim tomonidan bo‘lmasin, har qanday buzishni bartaraf etishni talab qilish huquqidan iborat ekanlini e’tiborga olish lozim.

Birinchi instansiya sudi javobgarlar Salim, Said va Saddamlardan 2013 yilda ishlab chiqarilgan, “Neksiya” rusumli avtomashinani da’vogar Ismatga majburiy tartibda olib berish haqidagi hal qiluv qarori chiqargan.

Biroq Saddam bu qarordan norozi bo‘lib, shikoyat bilan murojaat qilgan. Ammo kassatsiya instansiyasi sudi o‘z ajrimi bilan hal qiluv qarorini o‘zgarishsiz qoldirib, hal qiluv qarorini bekor qilish uchun sabablar yo‘qligi uchun shikoyat qanoatlantirilmadi.

Faxriddin Qarshiyev,

fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyat sudining sudyasi.