Xato qilmaslik emas, yordam ko‘rsatish muhim

Buning uchun "Mass-media" a’zolarining huquqiy bilim va ko‘nikmasi yetarli bo‘lishi kerak.

Samarqand shahrida "Mass-media" fondi hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori hamkorligida jurnalist va blogerlar uchun trening bo‘lib o‘tdi.

“Jurnalist va blogerlarning huquqiy va media-axborot savodxonligi sohasidagi salohiyatini oshirish” mavzusidagi treningda so‘z va OAV erkinligi, jurnalist va blogerlarning huquq va burchlari, majburiyatlari, axborotdan erkin foydalanishning huquqiy asoslari hamda media-axborot savodxonligi masalalari atroflicha muhokama qilindi.

- OAV vakillari, jurnalist va blogerlarning asosiy vazifasi ommaga to‘g‘ri, xolis va ishonchli axborot yetkazish, - deydi media-yurist Madina Tursunova. – Keyingi paytda bu soha vakillari orasida muayyan bir holat, shaxs yoki tashkilot haqida asoslanmagan ma’lumotlarni targ‘ib qilganligi sababli javobgarlikka tortilish holatlari uchramoqda. Albatta, ular fikrlashi, mulohazasi yoki muammoni ko‘rsatish bilan emas, balki jarayonga to‘g‘ri baho berolmasligi natijasida bunday holatlar kuzatilyapti. Qonunni bilmaslik jazodan ozod etilishiga sabab bo‘lmaydi. Shuning uchun ham jurnalist va blogerlarning huquqiy va media savodxonligini oshirish maqsadida bunday treninglarni viloyatlar kesimida o‘tkazyapmiz va faoliyati davomida duch kelishi mumkin bo‘lgan holatlar bo‘yicha batafsil tushuncha beryapmiz.

Trening davomida jurnalist va blogerlar so‘z va axborot erkinligi huquqidan to‘g‘ri foydalanish, ochiq, shaxsiy va maxfiy ma’lumotlarni olish hamda tarqatish xususida fikr almashdi va o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.