Xavfli burilishda boshqaruvni yo‘qotgan "Neksiya" inson o‘limiga sabab bo‘ldi

2020 yil 4 yanvar kuni soat 00:30 larda Surxondaryo viloyati, Jarqo‘rg‘on tumani hududidan o‘tgan M-41 “Bishkek-Dushanbe-Termiz” avtomobil yo‘lining 1588-kilometrida oqibati mudhish yakun topgan yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi.

Haydovchi Denov tumanida yashovchi, 1997 yilda tug‘ilgan M.O. “Neksiya” rusumli avtomobilda rul boshqaruvni yo‘qotib, yo‘lning o‘ng tomonidagi daraxtga urilgan. Oqibatda haydovchi M.O. tan jarohati olib, kasalxonaga yotqizilgan va yo‘lovchisi Denov tumanida yashagan, 1972 yilda tug‘ilgan N.A. kasalxonada vafot etgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yo‘l-transport hodisasi haydovchining belgilangan tezlik me’yorlariga amal qilmaganligi va yo‘lning xavfli burilish qismida boshqaruvni yo‘qotishi oqibatida sodir bo‘lgan.

O‘zbekiston Respublikasi IIV YHXBB axborot xizmati haydovchilardan transport vositasini boshqarish davomida belgilangan tezlik talablariga rioya etishni unutmaslikni so‘ragan.