Xavfli retsidivist o‘g‘rilik qilgani uchun ozodlikdan mahrum qilindi
Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi apellyasiya instansiyasi sudlov hay’ati birinchi bosqich sudining hukmini o‘zgarishsiz, apellyasiya shikoyatini qanoatlantirmasdan qoldirishni lozim deb topdi.
Xullas, jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand tumani sudining 2019 yil 10 apreldagi hukmiga asosan Bahodir Jovliyev (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 127-moddasi 3-qismi va 169-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan aybdor deb topilib, unga nisbatan 5 yilu 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan va jazoni qattiq tartibli koloniyalarda o‘tash belgilangan.
Aniqlanishicha, u 2019 yil 21 yanvar kuni soat 18:00 larda Samarqand tumani, Yangiobod mahallasida yashovchi qo‘shnisining uyiga devordan oshib tushib, dahlizda javon ichidagi qutida turgan 13 million 155 ming so‘mlik taqinchoqlarni o‘g‘irlab, voqea joyidan yashiringan. Bahodir bu jinoyatiga 2011 yilda tug‘ilgan, voyaga yetmagan Mansur Eshmatovni ham qasddan jalb qilgan.
Qayd etish o‘rinliki, jinoyat ishi birinchi instansiyada to‘g‘ri malakalangan va shunga mos jazo turi, me’yori belgilangan. Negaki, B.Jovliyevga muqaddam jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand tuman sudining 2018 yil 2 apreldagi hukmiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi JKning 169-moddasi 2-qismi “g” bandi bilan JKning 62-moddasiga asosan har oylik ish haqining 10 foizini davlat hisobiga ushlab qolgan holda 1 yil 8 oy 3 kun muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan. Biroq Bahodir ilgari ham sudlanganligidan tegishli xulosa chiqarmay yana egri yo‘lga qadam qo‘ygan.
Uning navbatdagi «delosi» apellyasiya instansiyasida qayta ko‘rilib, quyi sudning hukmi o‘zgarishsiz qoldirildi.
G‘.NEGMATOV,
jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudining sudyasi.