Xazina maktabga, o‘quvchilarga topshirildi
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori A.Ko‘chimovning o‘zi tahsil olgan Urgut tumanidagi 37-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga kitob sovg‘a qilish tadbiri ijodiy uchrashuv, kitobxonlik targ‘ibotiga ulanib ketdi.
– Dunyoda kitobdan katta boylik, kitobdan boshqa najot yo‘q, – dedi A.Ko‘chimov. – Prezidentimiz shuning uchun ham maktablarimizni ana shu xazina bilan boyitish, farzandlarimizni kitobxon qilishga da’vat etmoqda. Jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish uchun avvalo o‘zimiz ma’rifatli bo‘lishimiz, buning uchun kitobga tayanishimiz zarurligini ta’kidlamoqda. O‘zingiz o‘ylang, qaysi davlatning rahbari kitob o‘qigan yoshlarga avtomobil sovg‘a qilyapti? Hech qayerda bunday tajriba yo‘q. Faqat bizda farzandlarimizning kitobxon bo‘lishini yurt rahbari ana shunday rag‘batlantirayapti, qo‘llab-quvvatlamoqda. Chunki, kitob o‘qigan, badiiy adabiyotga oshno bo‘lgan odamdan yomonlik chiqmaydi, u ezgu ishlarga esh bo‘ladi, dunyoni anglaydi, o‘z oldiga buyuk maqsadlar qo‘yib, yuksak marralarga intiladi.
Tadbirda Samarqand davlat universiteti dotsenti, shu qishloqda tug‘ilib o‘sgan 80 yoshli N.Shodiyev kitobning, mutolaaning inson kamolotidagi ahamiyatini o‘z hayoti misolida so‘zlab berdi. Dehqonoboddan yetishib chiqqan ziyolilar, ayni paytda poytaxtimiz va Samarqandda, shuningdek, dunyoning turli mamlakatlarida faoliyat yuritayotgan qishloqdoshlar mahallada zamonaviy kutubxona qurish istagida ekanligini ma’lum qildi. Bu tashabbus uchrashuv qatnashchilari tomonidan ham qo‘llab-quvvatlandi.
Samarqandlik taniqli ijodkorlar boshlab bergan mushoirani “Urgut sadosi” gazetasi qoshidagi “Chashmalar” to‘garagi a’zolari, maktab o‘quvchilari davom ettirdi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist E.Qaytarov o‘zining diltortar qo‘shiqlari bilan davraga o‘zgacha fayz kiritdi.