Xitoy hukumati Gonkongda bahslarga sabab bo‘layotgan qonun loyihasini qabul qilmoqchi

Umumxitoy xalq vakillari kengashi (UXVK) Gonkongda milliy xavfsizlik qonuni ishlab chiqilishi to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.

Hujjatga ko‘ra, ko‘plab bahs-munozaralarga sabab bo‘layotgan qonun loyihasi Gonkong parlamentining ishtirokisiz, UXVKning doimiy qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqiladi va Gonkongning Asosiy qonuni tarkibiga kiritiladi. Bu hodisa taxminan 2020 yilning avgust oyida amalga oshirilishi kutilmoqda.

Shu tariqa Xitoy hukumati mazkur loyihaga nisbatan AQSh tomonidan bildirilgan tahdid bilan hisoblashmasligini namoyish etmoqda. Bir necha kun ilgari qonun loyihasiga qarshi chiqqan AQSh Prezidenti Xitoyga “jiddiy” javob qaytarilishi haqida aytgan edi.

27 may kuni AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo, Gonkong Xitoy oldidagi o‘z avtonom statusini yo‘qotganligi to‘g‘risida Kongressda nutq so‘zladi. Uning fikriga ko‘ra, Pekin tomonida joriy etilayotgan yangi qonun Xitoy va Buyuk Britaniya o‘rtasida 1997 yilda tuzilgan deklaratsiya qoidalariga zid qabul qilinmoqda. Hujjatga binoan Gonkong 50 yil davomida keng ko‘lamli avtonom erkinlikda qolishi zarur.