Xitoy iqtisodiyoti yana o‘sa boshladi
Koronavirus pandemiyasi davrida jahonda birinchi bo‘lib Xitoy iqtisodiyoti o‘sish ko‘rsatkichlarini namoyon qila boshladi.
2020 yilning ikkinchi choragida Xitoy YaIM o‘tgan yilning shu davriga qaraganda 3,2 foizga o‘sgan. Chorak davomida eng yuqori o‘sish ko‘rsatkichi qishloq xo‘jaligi va sanoat sohalarida kuzatilgan.
«Milliy iqtisodiyotimiz epidemiyaning salbiy ta’sirini yengib o‘ta boshladi», - deya xabar beradi Xitoy Statistika byurosi. – Ayniqsa, chakana savdo ko‘rsatkichlari yilning birinchi choragiga nisbatan biroz qisqargan bo‘lsa-da, ammo sohada tiklanish belgilari namoyon bo‘la boshladi.
Reuters o‘tkazgan so‘rovda tahlilchilar Xitoy YaIM ikkinchi chorakda 2,5 foizga o‘sishini kutayotganini ko‘rsatgan edi. Mazkur agentlik iyun oyida Xitoyda import ko‘rsatkichi shu yil uchun ilk marta oshgan, bunga qurilish materiallariga nisbatan paydo bo‘lgan talab sabab bo‘lganini qayd etgan edi. Qo‘shni davlatlarda ham cheklovlarning bosqichma-bosqich yengillashtirib borilishi mamlakat eksportining o‘sishiga turtki bo‘lgan.
Shunday bo‘lsa-da, bu yil Xitoy iqtisodiyoti tarixida eng past o‘sish ko‘rsatkichi qayd etiladi, deb yozadi «Reuters» agentligi.