Xitoy JSST mutaxassislari koronavirusning kelib chiqish sabablarini o‘rganish uchun kelganini ma’lum qildi
COVID-19 infeksiyasining kelib chiqish sabablarini o‘rganish uchun Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ikki nafar mutaxassisi Xitoyga yetib keldi. Xitoy hukumati ular bilan yaqindan hamkorlik qiladi. Bu haqda 13 iyul kuni Xitoy Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Xua Chunin ma’lum qildi.
“Ikki tomonning kelishuviga binoan, JSST COVID-19 infeksiyasining kelib chiqish sabablarini o‘rganish va ma’lumot almashish uchun Pekinga mutaxassislar guruhini yubordi. Ayni vaqtda JSSTning ikki nafar mutaxassisi Xitoyga yetib keldi”, deya ma’lum qildi Xua Chunin.
Xua Chunin Xitoy va JSST virusning paydo bo‘lishi masalasida yakdil ekanligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu xalqaro hamkorlikda, mutaxassislar tomonidan tekshiruvlar olib borilishi zurur bo‘lgan ilmiy masala.
“JSST ham shunday fikrda. Virusning kelib chiqishi – bu uzoq muddatli jarayon va bu ko‘plab mamlakatlarga taalluqli bo‘lishi mumkin. Agar zarurat tug‘ilsa, JSST kelajakda boshqa mamlakatlarga ham shunday tekshiruvlar bilan tashrif buyurishi mumkin”, deb qo‘shimcha qildi Xua Chunin.
Biroq Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vakili JSST mutaxassislari mamlakatning qayeriga borishi, kimlar bilan uchrashishini ma’lum qilmadi.