Xitoy: koronavirus o‘chog‘iga 25 ming “oq xalatli jangchi” yuborildi

Xitoyning turli hududlaridan 25 mingdan ortiq tibbiyot xodimi koronavirus kelib chiqqan Xubey provinsiyasiga yuborildi, deya xabar bermoqda RIA Novosti.

“Xubey provinsiyasiga yordam berishi uchun tarkibida 25 633 nafar tibbiyot xodimi bo‘lgan 217 ta tibbiyot brigadasi jo‘natildi. Armiya tomonidan yuborilgan harbiy vrachlar bu raqamga qo‘shilmagan”, – dedi Sog‘liqni saqlash davlat qo‘mitasi rahbarining o‘rinbosari Van Xeshen.

Koronavirusga qarshi kurashda asosiy yuk tibbiyot xodimlariga tushmoqda. Shuning uchun ham mahalliy aholi ularni “oq libosli farishtalar” yoki “oq xalatli jangchilar” deya atay boshladi.

Oxirgi ma’lumotlarga qaraganda, 1 716 tibbiyot xodimiga ham koronavirus yuqqan va ulardan 6 nafari vafot etgan.