Xitoy yangi turdagi koronavirusning vujudga kelishi bilan bog‘liq tekshiruvga JSST qatnashishiga yo‘l qo‘ymayapti

Xitoy hukumati Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan yangi turdagi koronavirusning vujudga kelishi bilan bog‘liq tekshiruvlarda qatnashish uchun yuborilayotgan so‘rovnamalarga rad javobini berib kelmoqda. Bu haqda JSSTning Xitoydagi vakili Goden Galea ma’lum qildi.

Galeaning ta’kidlashicha, JSST yangi epidemiyalarning oldini olish uchun koronavirus qanday tarzda vujudga kelgani va uning paydo bo‘lish omillarini bilishi o‘ta muhim.

“Milliy tekshiruvlar olib borilayotganidan xabarimiz bor (Xitoyning o‘zida). Ammo biz u yerga taklif qilinmadik. JSST Xitoy sog‘liqni saqlash tizimi va hukumatiga so‘ravnoma yuborishda davom etadi”, dedi Galea Britaniyaning Sky News telekanali bilan bo‘lgan suhbatda.

Bundan tashqari, u Xitoy hukumati JSSTga Uxandagi virusologiya laboratoriyalari bilan bog‘liq xujjatlar bilan tanishish imkonini bermaganini ta’kidlab o‘tdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, JSST virusning sun’iy emas, tabiiy vujudga kelganiga shubha qilmayapti. “Biroq laboratoriyada qayd etilgan yozuvlar virusning vujudga kelishi borasidagi har bir bayonotning, o‘tkazilgan har bir tadqiqotning ajralmas qismi bo‘lishi lozim”, qo‘shimcha qildi Galea.