Xitoyda cho‘chqa grippining yangi shtammi aniqlandi
Xitoylik mutaxassislar inson uchun xavfli va yangi pandemiyaga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan cho‘chqa grippining yangi shtammini aniqladi. Bu haqda The Independent nashri xabar berdi.
Yangi shtammga G4 EA H1N1 nomi berildi. Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, yangi virus parranda grippi va cho‘chqa grippining genetik aralashmasidan tashkil topgan. Mutaxassislar yangi G4 virusi asosan jonivorlarda uchrashiga qaramasdan, inson hujayralari bilan aloqaga kirisha olishini va inson nafas yo‘llarida faol ko‘payishga qodir ekanligini alohida ta’kidlashdi. Bundan tashqari, grippga qarshi mavjud vaksinalar yangi virusga qarshi immunitet vujudga keltira olmaydi.
Olib borilgan tadqiqotlarga ko‘ra, Xitoydagi cho‘chqa fermalarining 10 foiz ishchi-xodimlari qonida G4 ga qarshi anti tanachalar aniqlangan.
“Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, cho‘chqa grippining yangi virusi insonlarda paydo bo‘lishi mumkin, degan xulosaga kelish mumkin”, deya ta’kidladi Sidney universiteti biologi Edvard Xolms.