Xitoyda koronavirusni yoritgan jurnalist va internet faollari g‘oyib bo‘lmoqda
Pekinda koronavirus haqida taqiqlangan ma’lumotlarni saqlagan internet faollari (blogerlar), ularni mahalliy politsiya hibsga olganidan so‘ng g‘oyib bo‘ldi. Bu haqda Daily Mail nashri ma’lum qildi.
Chen Mey, Say Vey va ularning o‘rtog‘i Tang familiyali qiz politsiya so‘roqlariga javob berganidan so‘ng g‘oyib bo‘ldi. Vey va Tang tartibsizliklar uyushtirishda ayblandi. Xitoy huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlarining so‘zlariga ko‘ra, ayni vaqtda ular hibsda saqlanmoqda. Ammo Vey va Tangning oldiga hech kim kiritilmayapti.
Chenning akasi Kun Chenning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi kungacha ukasi Chenning hibsga olinganligi hukumat tomonidan rasmiy tasdiqlanmagan. “Chen va Sayning bitta loyiha ustida ishlayotganliklarini hisobga oladigan bo‘lsak, fikrimizcha, ularning g‘oyib bo‘lishi o‘sha loyiha bilan bog‘liq”, dedi u.
Kunning so‘zlariga ko‘ra, loyiha saytida hukumat tomonidan koronavirus bilan bog‘liq bo‘lgan taqiqlangan nashr va videolavhalar e’lon qilingan. Masalan, Uxan aholisi bilan o‘tkazilgan suhbatlar va koronavirus xuruji haqida birinchilardan bo‘lib xabar bergan Uxan markaziy shifoxonasi shifokori Ay Fen bilan o‘tkazilgan suhbat.
Daily Mail nashrida yozilishicha, “tartibsizliklar uyushtirish” ayblovi bu Xitoy hukumati tomonidan faollarga nisbatan qo‘llaniladigan va besh yilgacha qamoq jazosi bilan jazolanadigan, aniq belgilanmagan ayblov.
Oldinroq Daily Mail nashri Uxandagi koronavirus xurujini yoritgan uch nafar jurnalistning g‘oyib bo‘lgani haqida xabar bergan edi. Chunki bu uch jurnalist - Chen Syushi, Fan Bin va Li Szexua epidemiyaning asl ko‘lamini bayon etishga harakat qilgan. Ular kasallar va vafot etganlar bilan to‘lgan kasalxonalar va o‘likxonalar tasvirga tushirilgan videolavhalarni You Tube va Twitter ijtimoiy tarmoqlariga joylashtirgan. Ular 6 fevraldan 26 fevralgacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida g‘oyib bo‘lgan. Shundan buyon ularning qayerda ekanligi noma’lumligicha qolmoqda.