Xitoyda uyg‘urlarni "tanib olishda" sun’iy intellektdan foydalanishmoqda
Xitoyda yuzni tanish texnologiyasini milliy ozchiliklarni aniqlashga sozlashmoqda. The New York Times’ga ma’lum bo‘lishicha, Xitoy hukumati kamida 16 ta viloyatda shunday cun’iy intellekt tizimlarini yashirincha sinovdan o‘tkazmoqda, deb yozadi minbar.uz.
Algoritmni Xitoyning CloudWalk startapi ishlab chiqqan. CloudWalk veb-saytida aytilishicha, agar ushbu tizim faoliyat ko‘rsatayotgan hududda "o‘zga" millat vakili istiqomat qilayotgan bo‘lsa va 20 kun ichida unikiga 6 ta millatdoshi kelsa tizim politsiyaga signal beradi.
"O‘zga" millat deganda, Xitoyda ko‘pincha ko‘rinishi xan millatiga mansub xitoyliklardan farq qiluvchi va o‘zbeklarga o‘xshab ketuvchi uyg‘urlar tushuniladi.
Xitoyning kuzatuv kameralarining ulkan tarmog‘iga bog‘langan yuzni tanish texnologiyasi qiyofasiga qarab faqatgina uyg‘urlarni tanlab oladi va ularning kirdi-chiqdisini politsiyaning ma’lumotlar bazasida saqlab turadi.
Shunday qilib, Xitoy o‘z xalqini kuzatishda keyingi avlod texnologiyasi yordamida avtomatlashgan irqchilik davrini boshlab berayotgan ilg‘or davlatlardan biriga aylanmoqda.
Avvalroq Xitoyda masjid va internet kafega boruvchi kuzatuvdagi millionlab odamlarning ma’lumotlari internetga chiqib ketgan edi. Xitoyda odamlarni kuzatishga ixtisoslashgan firma asosan uyg‘urlar yashovchi Shinjonda 2,5 milliondan ortiq odamni kuzatgan ekan.
Uyg‘urlar asosan, Xitoyning Shinjon viloyatida yashovchi musulmon etnik ozchilikdir. Ular viloyat aholisining 45 foizini tashkil qiladi.
Shinjon rasman avtonom region hisoblanadi, ammo, yillarki, hukumat tomonidan bosim va qatag‘onga uchrab keladi.
O‘tgan bir necha oydan buyon Shinjon viloyatida uyg‘urlar va boshqa musulmon etnik ozchiliklar yanada ko‘proq hibsga olinayotgani to‘g‘risidagi xabarlar to‘xtamayotir.
Bu hibslar Xitoy hukumati tomonidan diniy ekstremizmga qarshi kurash niqobi ostida olib borilayotgani aytiladi.