Xitoydan O‘zbekistonga koronavirusga qarshi dori preparatlari yetib keldi
O‘zbekistonga Xitoy Xalq Respublikasidan maxsus reys orqali COVID-19 koronavirusga chalingan bemorlarni davolash va profilaktika qilishda ishlatish uchun bir qator dori vositalari yetib keldi. Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 2020 yilning 9 aprel kuni ushbu yuk O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi va O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining Bioorganik kimyo institutining tashabbusiga ko‘ra, Xitoy Fanlar Akademiyasining Shinjon fizik-kimyoviy texnika va Shanxay farmatsevtika institutlaridan yuborilgan.
Dori vositalarining Toshkent shahriga yetib kelishini Xitoy fanlar akademiyasining Toshkent shahridagi “Xitoy — O‘zbekiston tibbiyot texnologiya parki” tashkillashtirgan. Umumiy miqdorda 50 000 quti dori vositalari “Xitoy — O‘zbekiston tibbiyot texnologiya parki” tomonidan O‘zbekiston xalqiga beg‘araz yordam sifatida Innovatsion rivojlanish vazirligi tasarrufiga topshirildi.
Yuborilgan dori preparatlari Xitoyda ishlab chiqarilgan bo‘lib, koronavirusga qarshi samarali qo‘llanilgan quyidagi vositalardan iborat:
1) “SPH Zhongxi Pharmaceutical Co., Ltd” farmatsevtik kompaniyasi tomonidan ishlab-chiqarilgan “Fenle” preparati (gidroksixloroxin sulfat tabletkalari 100 mg) – 20 000 quti. Ushbu preparat bezgakka qarshi xususiyatga ega bo‘lib, koronavirusga qarshi kurashda ham yaxshi samara bermoqda.
2) “Xinjiang Uyghur Pharmaceutical Co., Ltd” farmatsevtik kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan “Zukamu” — 10 000 quti va “Zupa” — 10 000 quti preparatlari bo‘lib, ular o‘tkir respirator kasallik va gripp simptomlarini bartaraf etishda samarali dori vositasi hisoblanadi.
3) “Xinjiang Yinduolan Uighur Medicine Co., Ltd” farmatsevtik kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan “Fufang Yizhihao” preparati — 10 000 quti. Ushbu preparat virusli shamollash, tomoqning yallig‘lanishi va og‘rig‘ini bosish, bosh og‘rig‘i va tana haroratini tushirishda samarali vosita hisoblanadi.
O‘z navbatida, “Xitoy-O‘zbekiston tibbiyot texnologiya parki” tasarrufidagi davolash-diagnostika klinikasini mobil gospital sifatida bemorlarni joylash va davolashda foydalanish uchun taqdim etishga shayligini ham bildirdi.