Xitoyning dunyoga mashhur Huawei kompaniyasi AQShning qahriga uchramoqda
AQSh Savdo vazirligi Xitoyning dunyoga mashhur Huawei kompaniyasiga qarshi sanksiya qo‘llash va bu kompaniyaga tegishli kishilarni qora ro‘yxatga kiritish haqida qaror qabul qilish arafasida. Bu haqda Savdo vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qaror loyihasi allaqachon tayyor bo‘lgan, deyiladi xabarda.
AQSh savdo vazirligining bunday qarorga kelishiga sabab, vazirlik Huawei kompaniyasini AQSh milliy xavfsizligiga tahdid solayapti deb hisoblamoqda.
"AQSh Savdo vazirligining Sanoat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha byurosi Xitoyning Huawei Technologies Co. Ltd. kompaniyasiga qarshi iqtisodiy sanksiya qo‘llash va o‘sha sanksiyaga muvofiq ushbu kompaniyaning yuqori lavozimli ko‘plab xizmatchilarini qora ro‘yxatga kiritish loyihasini tayyorlab, uni tasdiqlash uchun tegishli tashkilotlarga yubordi" deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz: Xitoyning Huawei Technologies Co. Ltd. kompaniyasi bugungi kunda axborot texnologiyalari bo‘yicha dunyoning ko‘zga ko‘ringan kompaniyalaridan biri hisoblanadi. Uning tarkibida bugun dunyo bo‘ylab 200 mingga yaqin odam ishlaydi.