Xonadondagi yong‘inda 16 yoshli qizning kuygan jasadi topildi
Kecha, 20 dekabr kuni soat 5:20 da Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumani, Obod MFY, Bo‘ston ko‘chasida joylashgan 36-uyda yong‘in bo‘layotganligi haqida yong‘in-qutqaruv qismiga xabar kelib tushgan.
Voqea joyiga 2 ta yong‘in o‘chirish bo‘linmalari jalb etilgan. Bo‘linmalar chaqirilgan manzilga 10 daqiqada yetib borgan vaqtda yashash uyining ichki va tom qismi ochiq alanga bilan yonayotganligi ma’lum bo‘lgan. Ko‘rilgan tezkor harakatlar natijasida yong‘in soat 05:33 da qurshab olingan va soat 06:00 da to‘liq bartaraf etilgan.
Yong‘in oqibatida yashash uyining 45 kvadrat metr maydonida tomi, shifti va ichki jihozlari yonib zararlangan. Achinarlisi, yong‘inni o‘chirish vaqtida uy bekasining nabirasi - 2003 yilda tug‘ilgan fuqaro A.S.ning kuygan holdagi jasadi topilgan.
Yong‘inga qo‘lbola isitish pechini yoqib, nazoratsiz qoldirilgani sababi taxmin qilinmoqda.
FVV YoXBB OAV bilan hamkorlik qilish bo‘linmasi xabariga ko‘ra, yong‘in holati yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.