Xonadonlarimiz doim charog‘on bo‘lsin!
Endi-chi? Endi oldingi xavotirlarga o‘rin yo‘q. Chiroq o‘chmaydigan bo‘ldi. Elektr ta’minotchilari shunday va’da berishmoqda.
Kasb bayrami arafasida shu va boshqa savollar bilan «Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» aksiyadorlik jamiyati direktori Mahmud PARDAYeVga murojaat qildik.
– Darhaqiqat, bundan oldingi yillarda shahar va tumanlarda elektr energiyasining tez-tez uzilib turishi, bu esa iste’molchilarimizning haqli e’tiroziga sabab bo‘lishi kuzatilgan edi. Endi ba’zi holatlardan istisno tarzida bunday bo‘lmaydi. Sababi aniq. Keyingi yillarda mamlakatimizda energetika sohasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 22 iyundagi "Respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va ijtimoiy sohalarini 2017/2018 yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga kompleks tayyorlashni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Qarori bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish imkonini bermoqda. Qarorda yangi ishlab chiqarish quvvatlarini qurib, ishga tushirish, elektr tizimini keng ko‘lamda modernizatsiyalash, zamonaviy elektr manbalarini tatbiq etish, elektr energiyasi, ishlab chiqarish va uzatishdagi yo‘qotishlarni kamaytirish hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish nazarda tutilgan.
Kezi kelganda shuni aytmoqchiman. Joriy yilning o‘tgan o‘n oyi davomida viloyat bo‘yicha jami 3,7 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi yetkazib berildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan 143,1 million kilovatt-soat ko‘pdir. Shundan 1,7 milliard kilovatt-soat yoki 47 foizi aholiga, 0,4 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ijtimoiy soha ob’yektlariga yetkazib berildi.
– Keling, raqamlarni qo‘yib turaylik-da, elektr energiyasida uzilishlarning oldini olish yuzasidan bajarilgan amaliy ishlar haqida to‘xtalaylik.
– Viloyatimiz bo‘yicha jami iste’molchilar soni 748 ming 848 tani, shundan aholi xonadonlari 719 ming 341 tani tashkil etadi. Bu juda katta qamrov. Endi siz aytgan amaliy natijalarga keladigan bo‘lsak, eng ko‘p e’tiroz bildiriladigan Samarqand shahridagi So‘zangaron, So‘zangaron-1, o‘afur o‘ulom, Sadriddin Ayniy, Rudakiy, Bag‘dod, Sartepa, Samarqand tumanidagi Gulobod, Jo‘yisoy, Ohalik, Safedi mahallalarida elektr ta’minoti barqarorlashdi. Oqdaryo tumanidagi Dahbed, Qo‘shrabot tumanidagi Katta Oqmasjid, Samarqand tumanidagi Arabxona kabi og‘ir toifalangan mahallalarda yangi transformatorlar o‘rnatilib, mavjudlari mukammal ta’mirlandi. Samarqand shahri va Samarqand tumanini elektr energiyasi bilan ta’minlovchi "Afrosiyob" nimstansiyasida yuklama bilan ishlayotgan transformator yangi quvvatli transformator bilan almashtirilmoqda. Nurobod tumanidagi Jom mahallasiga 27 kilometr uzunlikda 35 kilovatt kuchlanishli elektr energiyasi uzatish tarmog‘i tortildi va transformator o‘rnatildi. Buning uchun 9,1 milliard so‘m mablag‘ sarflandi. Narpay tumanidagi "Tinchlik" nimstansiyasida ham quvvatni oshirib beradigan yangi transformator o‘rnatish ishlari olib borilmoqda.
220 kilovolt kuchlanishli "Cho‘ponota" va "Samarqand" nimstansiyalarida yuklama bilan ishlayotgan 3 ta transformatordan 2 tasi quvvati 200 megavatt bo‘lgan transformatorlarga almashtirildi.
Umuman, 2017-2018 yil kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha respublika ishchi guruhi tomonidan joylarda aholi va mahalla faollari bilan muloqotlar o‘tkazilishi va o‘rganilishi natijasida qo‘shimcha 21 ta transformator punktlari yangilandi va rekonstruksiya qilindi. Buning uchun 600,0 million so‘m mablag‘ sarflandi.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida viloyatdagi elektr energiyasi iste’molchilariga qo‘shimcha ravishda 275 megavatt quvvat zaxirasi yaratilib, 353 ta mahallalardagi 184 mingdan ziyod aholi xonadonlari, shu bilan birga, sanoat korxonalari, tadbirkorlik sub’yektlari hamda ijtimoiy soha ob’yektlarining elektr energiyasi ta’minoti mustahkamlandi va sifat darajasi yaxshilandi. Shuningdek, viloyatda tashkil etilayotgan sanoat zonalarini ham uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash borasida muayyan ishlar bajarilmoqda.
Viloyat bo‘yicha tizimda amalga oshirilgan ishlarga jamiyatning o‘z mablag‘lari hisobidan jami 75 milliard so‘m sarflandi.
– Prezidentimiz tashabbusi bilan tizimda yangilanish jarayonlari boshlanmoqda. Jumladan, respublikamizning bir qator joylarida gidroelektrostansiyalari qurilmoqda, qayta tiklanadigan elektr manbalari barpo etilmoqda. Bu borada viloyatda qanday chora-tadbirlar belgilangan?
– Hali aytganimdek, yuklama bilan ishlagan transformatorlar, eskirgan simlar yangi, kuchli va zamonaviylariga almashtirilmoqda. «Xishrav» GESda ham rekonstruksiya ishlari bajarilyapti. Ma’lumki, Samarqandda 100 ming MVtlik quyosh elektrostansiyasi barpo etilayotgan edi. Keyingi o‘sish va taraqqiyotga bu quvvat kamlik qilishi sezildi. Prezidentimizning Turkiya Respublikasiga tashrifi chog‘ida ishbilarmonlar doirasi bilan uning o‘rniga 500 MVtlik quyosh elektrostansiyasi qurishga kelishib olindi. Shuningdek, mini-elektrostansiyalar qurishga, shamol generatorlaridan foydalanishga ham ruxsat berilgan. Bunday yangiliklar tez orada o‘zimizda ham keng joriy etilsa ajab emas.
– Elektr energiyasining doimiy bo‘lib turishi iste’molchilarning munosabatiga ham bog‘liq. Shunday emasmi?
– To‘g‘ri gap. Kuz-qish mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklarni bartaraf etish maqsadida viloyat bo‘yicha 22 ta avariya xizmati brigadasi tuzilib, ular aloqa vositalari, 30 ta maxsus avtomashinalar bilan ta’minlangan. Yuqoridagi savolingizga kelsak, qars ikki qo‘ldan chiqadi. Odamlarimiz energiya, uni ishlab chiqaruvchilari mehnatiga hurmatda bo‘lmasalar, chiroqning o‘chib turishi davom etaveradi. Energiyaning ko‘p yo‘qotilishi o‘zboshimchalik bilan simlarni ulab olishga, huda-behuda energiyani sarflashga to‘g‘ri keladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda respublikamizda 31 ming kilometr egasiz simlar mavjud ekan. Egasiz deganimiz elektr simini qo‘lbola simyog‘och, xoda vositasida tortib olish yoki ruxsatsiz ulab olish degani. Bu raqam viloyatimizda 260 kilometrni tashkil etmoqda. Buning ustiga elektr chiroqlarni behuda yoqib qo‘yish, tejamkor svetodiod lampalar o‘rniga hamon ko‘p energiya sarf qiladigan cho‘g‘lanma lampalardan foydalanayotganligimizni qo‘shsak, hisobini o‘zingiz chiqarib olavering.
Nima bo‘lganda ham endi elektr energiyasida uzilish bo‘lmasligi kafolatlanmoqda. Buning uchun nurchilarimiz islohotlarni dadil joriy etish yo‘lida samarali va sifatli ishlashga harakat qilmoqdalar.
Fursatdan foydalanib, barcha hamkasblarimizni, qolaversa, viloyatimiz ahlini kasb bayrami hamda kirib kelayotgan Yangi yil bilan qutlayman.