Xorijda ishlamoqchimisiz?

Samarqand shahridagi Alisher Navoiy nomli markaziy istirohat bog‘ida ayni shu masalada mehnat yarmarkasi tashkil etildi.

Yarmarka viloyat hokimligi, Migratsiya agentligi hamda Xususiy bandlik agentliklari uyushmasi hamkorligida o‘tkazildi. Unda 20 ga yaqin xususiy bandlik agentliklari va xorijiy ish beruvchi kompaniyalar ishtirok etdi. Ular xorijda rasmiy va qonuniy ish o‘rinlarini topishda ko‘maklashish, huquqiy asosda ishga joylashish imkoniyatlari va maosh takliflari haqida ma’lumotlar taqdim etdi.

Yarmarka qatnashchilari Bolgariya, Germaniya, Janubiy Koreya, Mo‘g‘uliston, Slovakiya, Turkiya, Xorvatiya va Birlashgan Arab Amirliklari kabi davlatlarga qonuniy mehnat migratsiyasini amalga oshirish tartib-taomillari, talab etiladigan hujjatlar, rasmiy mehnat shartnomalari va davlatlararo kelishuvlar haqida ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.

Migratsiya agentligi va xususiy bandlik agentliklari mutasaddilari tomonidan xorijda ishlayotgan fuqarolarning huquqiy manfaatlarini himoya qilish mexanizmlari, xalqaro normalarga mos kafolatlar haqida ma’lumotlar taqdim qilindi.

Tadbir doirasida xorijda ishlayotgan vatandoshlar tajribasi, tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi, muammolarning oldini olish yo‘llari bo‘yicha amaliy maslahatlar berildi.